12 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyotida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Rabot mahallasida yashovchi 18 yoshli bemor — Feruzbek Shamsiddinovga 44 yoshli onasi Gulchehra Yuldashevaning jigaridan bir boʻlagi koʻchirib oʻtkazildi.

Hozir har ikkala bemorning ham ahvoli yaxshi, donor esa palataga olingan. Operatsiya oldidan Feruzbek va onasi oʻzlarining his-hayajonlari va fikrlarini SSV Matbuot xizmati bilan oʻrtoqlashgan edi.

— Ikki yil avval terimda juda kuchli qichishish paydo boʻldi, — deydi F. Shamsiddinov. — Keyinchalik rangim sargʻaya boshladi. Shundan soʻng tuman koʻp tarmoqli poliklinikasi shifokorlariga murojaat qildik. Topshirgan qon tahlillarim menda gepatit V kasalligi borligini koʻrsatdi.

Vrachlar tavsiyasi bilan tibbiy muolajalar olishni boshladim, biroq umumiy ahvolimda ijobiy oʻzgarish boʻlmadi. Shundan soʻng Buxoro viloyat klinik shifoxonasida qayta tibbiy tekshiruvlardan oʻtdim.

Yakuniy tahlillardan keyin shifokorlar jigarimda jiddiy xastalik borligini, uni esa Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida operatsiya orqali davolash mumkinligini aytishdi. Bu yerga kelgach, menda kamdan kam uchraydigan ogʻir kasallik aniqlandi. Ochigʻi, avvaliga biroz qoʻrquv boʻldi. Ammo shifokorlarning tavsiyalari, ruhiy daldasi ushbu hayajonni yengishimga katta yordam berdi.

Bemorni operatsiyaga tayyorlagan shifokor Azimjon Usmonov bu yil oʻnlab hamkasblari qatori Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantologiya va sunʼiy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazida malaka oshirib qaytgan yosh jarrohlardan.

Uning taʼkidlashicha, Karoli sindromi kamyob kasallik boʻlib, har million kishining bittasida aniqlanadi. Bemor yosh boʻlgani va kasallik irsiy ekani hamda hech qanday virusli infeksiya yoʻqligi sababli Feruzbek operatsiyadan soʻng oʻzini tez tiklab oladi.

Maʼlum boʻlishicha, dastlab bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan boʻlgan. Lekin tekshiruvlarning anatomik xususiyatlari uning donor boʻla olmasligini koʻrsatgan. Keyin esa bemorning onasi tekshirilib, jigarning bir boʻlagini olish uchun barcha koʻrsatkichlar mos kelgan. Biroq ortiqcha vaznga ega boʻlgani uchun Gulchehra opa bir oy ichida 10 kilogrammga ozishiga toʻgʻri kelgan.

  — Har qanday ona uchun farzandining xastaligi eng ogʻir sinov, — deydi G. Yuldasheva. — Oʻgʻlimning dardga chalinishi menga qattiq zarba boʻldi. Boshida tushkunlikka tushib qoldim. Sababi avvallari jigar koʻchirish operatsiyasi chet mamlakatlarda oʻtkazilar, bunga esa har kimning ham qurbi yetavermasdi.

Biroq yurtimizda ham bu kasallikni davolash yoʻlga qoʻyilganini bilgach, koʻnglim taskin topdi. Jigarimning “bir parchasi” sogʻayib ketishi uchun nafaqat jigarimning bir boʻlagini, balki jonimni berishga ham tayyorman. Fursatdan foydalanib, farzandimning sogʻligi uchun kurashayotgan barcha shifokorlarga minnatdorlik bildiraman.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, ayni paytda respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekadi. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj. Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan eʼtibor natijasida shu yilning oʻzida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida oʻzbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil 6 ta jigar koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi amalga oshirildi.