Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida 59 ta ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirildi va ularning natijasida “Oila, mahalla va gender tengligi” mavzusida badiiy asarlarning elektron korpusi yaratildi. “Baxtiyor oila” veb-portali ishga tushirildi, unda oila institutini mustahkamlashga oid maʼlumotlar va targʻibot materiallari, sogʻlom avlodni tarbiyalash, oilalarning demografik xulq-atvoriga xos xizmatlar haqida maʼlumotlar joylashtirildi.
Mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda namunali oʻzbek oilasi hamda mahalla institutini keng targʻib qilish maqsadida oʻzbek, rus va ingliz tillarida ilk marotaba “Oila maʼnaviyati konseptiga doir elektron tezaurus” yaratildi. Uy sharoitida milliy taomlar tayyorlash orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalarning turistik salohiyatini oshirish maqsadida Toshkent va Buxoro shaharlarida 3 tadan mahallada “Gastro mahalla” loyihasi amalga oshirildi.
Oʻzbekistonda ilk marotaba oilalarning baxtlilik indeksi va uning nazariy-metodologik asoslari yaratildi. Aholining turmush tarzi sanitariya-gigiyena talablarga mosligi masalalari ilmiy tadqiq etildi va oʻrganish natijalari asosida sanitariya-gigiyena talablari asosida quriladigan uy-joy maketi loyihasi yaratildi.
“Mehr daftari” ishlab chiqildi hamda uni yuritish orqali nogironligi boʻlgan, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda yetim bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish boʻyicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqildi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilgacha oila institutini yanada mustahkamlash konsepsiyasi” hamda “Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha demografik barqarorlik konsepsiyasi” loyihalari ustida ish olib borildi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan “Barcha mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya” va Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Uy xizmatchilari uchun munosib mehnat toʻgʻrisidagi 189-sonli konvensiya”siga qoʻshilish boʻyicha asosnoma tayyorlandi.
Jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni toʻlaqonli va samarali joriy etish maqsadida “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro, “Ijtimoiy boshqaruv” respublika ilmiy jurnallari hamda “Mahalla va oila” nashriyoti tashkil etildi.