Oʻzbekistonda ilk marotaba nogironlar huquqini himoya qilish boʻyicha klinika ochiladi

    Ijtimoiy hayot 5 Dekabr 2020 3652

    Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va AQSHning Sirakyuz universiteti oʻrtasida Anglashuv memorandimi imzolandi.

    ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Javlon Vaxabov, TDYUU rektori Raximjon Xakimov, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori Adxam Bekmuradov, Bosh prokuratura Akademiyasi rahbari Yevgeniy Kolenko, Sirakyuz universitetining rektori Kent Suverud, Nogironlar huquqlarini himoya qilish klinikasi direktori Maykl Shvars va Markaziy Osiyo va Kavkaz boʻyicha tadqiqot guruhi koordinatori, vatandoshimiz Mirjaxon Turdiyev hamda universitetlarning boshqa masʼul xodimlari va jurnalistlar ishtirok etdi.

    Tadbirda mazkur loyihaning mazmun-mohiyati hamda maqsad-vazifalari xususida soʻz yuritildi.

    Memorandumga koʻra yurtimizda ilk marotaba Toshkent davlat yuridik universitetida Sirakyuz universiteti bilan hamkorlikda nogironligi boʻlgan shaxslarga begʻaraz huquqiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan yuridik klinika tashkil etiladi.

    Yuridik klinika jamiyatimizning eng zaif qatlami vakillari huquq va manfaatlarini himoya qilish, nogironligi boʻlgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni jamiyatning teng huquqli aʼzosiga aylantirishga xizmat qiladi. Klinika faoliyatiga AQSHning xalqaro darajadagi yuqori malakali yuristlari hamda Sirakyuz universitetining talabalari jalb etiladi.

    Kelishuvga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Bosh prokuratura Akademiyasining professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari AQSHda stajirovka oʻtashi va boshqa dasturlarda ishtirok etishi mumkin.

    Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari Sirakyuz universiteti magistraturasida qoʻshma taʼlim dasturi (joint program) asosida 1+1, 2+1 yoki boshqa koʻrinishda oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Bundan tashqari, har yili 2 nafar Toshkent davlat yuridik universiteti ilmiy izlanuvchisi AQSHda doktoranturada oʻqiydi hamda ilmiy izlanishlar olib borish uchun “Visiting Scholar” (Tashrif buyurgan olim) dasturida ishtirok etadi.

    Memorandumda talabalar va professor-oʻqituvchilar akademik almashinuvini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda turli davra suhbatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va treninglar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.