Oʻzbekistonda ilk yirik quvvatli shamol turbinasi oʻrnatildi

    Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida “Goldwind” kompaniyasining (XXR) birinchi 4,7 MVtli turbinasi oʻrnatildi.

    BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida “Goldwind” kompaniyasining (XXR) birinchi 4,7 MVtli turbinasi oʻrnatildi.

    Uning balandligi 97 metr, shamol parraklarining har biri esa 77 metrni tashkil qiladi.

    Kezi kelganida taʼkidlash joizki, ushbu yirik loyiha doirasida jami 111 ta shamol turbinasi oʻrnatiladi. Mazkur elektr stansiyaning ilk quvvatlari joriy yil yakunida ishga tushiriladi va u Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi boʻlib hisoblanadi.

    Stansiya toʻliq ishga tushirilgach, yiliga 1 milliard 800 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 540 million kubometr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.