Davlat xizmatlarini barchaga tezkor, samarali va adolatli koʻrsatish uchun elektron hukumatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, jamoatchilik ishonchi va shaffofligini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlanish jarayonida ishtirok etish va hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari doimo rivojlanib, jamiyat, madaniyat va iqtisodiyotni tubdan oʻzgartirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon Banki bilan hamkorlikda oʻtkazilgan xalqaro davra suhbatida shu xususda soʻz yuritilarkan, raqamli rivojlanishning Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishi uchun muhim ahamiyati alohida eʼtirof etildi. Jumladan, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qabul qilish va 2022–2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida raqamlashtirishga eʼtibor qaratish – shular jumlasidandir.
Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston hukumati raqamli koʻnikmalarni mustahkamlash hamda raqamli ish oʻrinlarini yaratish, shu jumladan, yoshlarning salohiyatini oshirish uchun IT va biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) hamda bilim jarayonlari autsorsingi (KPO) xizmatlarini kengaytirish boʻyicha oʻzining izchil ishlarini olib bormoqda. Oʻzbekiston hukumati IT-autsorsing salohiyatini yorqin namoyon etgan holda, aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli koʻnikmalarini oshirish uchun barcha viloyat va tumanlarda BPOga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarini tashkil etib, ushbu imkoniyatlarni kengaytirmoqda.
Tadbirda mamlakatimiz mutaxassislari va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, raqamli rivojlanishning bugungi holati va istiqbollari, baholash usullari hamda Oʻzbekistonni raqamli rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar haqida soʻz yuritdi.
Tadbir davomida Oʻzbekistonda BPO xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, bu jarayonlarga yoshlarni keng jalb etish, autsorsingga ixtisoslashgan kompaniyalar tajribasi haqida maʼlumot berildi.