Unda Senat aʼzolari, Oʻzbekistondagi xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, qoʻmita ekspert guruhi aʼzolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Oʻzbekistonda innovatsion rivojlanishni taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan 2022—2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Strategiya Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini tasdiqlash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va aholi kundalik hayotida innovatsiya va texnologiyalarning keng kirib borishi, milliy iqtisodiyotning jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini oshirish, innovatsiya tizimining yagona siklini yaratish, inson kapitali sifatini oshirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, yoshlarning ijodiy va innovatsion qobiliyatlarini, innovatsion tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, mikro va makro darajalarda innovatsion faoliyatni amalga oshirish va rivojlantirish uchun innovatsiyalar sohasidagi mutaxassislar sonini oshirish, mamlakatning xalqaro maydondagi ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan milliy innovatsiya infratuzilmasini shakllantirish va zamonaviylashtirish, innovatsiyalarni keng joriy etish orqali bozor talablariga moslashtirishni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy mutaxassislarning innovatsion rivojlantirishda xorij tajribasi, soha huquqiy asosini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalari, qolaversa, innovatsion rivojlanish koʻrsatkichlarini tahlil qilib borish borasidagi fikrlari eshitildi.
Davra suhbati yakunida innovatsion rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha tavsiyalar qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.