Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatovning maʼlum qilishicha, 2021-yilda Telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish maqsadida 50 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118 ming kilometrga yetkazilgan. Buning natijasida aholi maskanlarining 67 foiziga mazkur tarmoq kirib borgan.

Taʼkidlanishicha, optik tarmoqni kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar kelgusi yillarda ham mana shunday jadal surʼatlarda davom ettirilishi belgilangan.

“Aholiga yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini koʻrsatish qurilmalarining umumiy sigʻimi 3,6 mln.ga yetkazildi.

Bugungi kunda xalqaro internet tarmogʻiga ulanishning umumiy oʻtkazuvchanlik imkoniyatini 1 800 Gigabit/sekundni tashkil etib, 2022-yil yakuniga qadar ushbu koʻrsatkichni 3 200 Gigabit/sekundgacha kengaytirilishi rejalashtirilgan”, deydi Sh.Ahmatov.

2021-yilda maʼlumotlar uzatish tarmogʻining oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyat va tuman markazlari darajasida 1,5 barobarga oshgan. Operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 42,9 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 30,0 ming soʻmni tashkil etmoqda.

Bugungi kunga kelib 95 foiz aholi maskanlari mobil internet bilan qamrab olingan, 54 foiz uy xoʻjaliklariga yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkoni yaratilgan.

“Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish maqsadida mobil internet tezligi 1,5 barobar oshirildi va 2021-yilda 14 150 ta qoʻshimcha tayanch stansiyalari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 45 890 taga yetkazildi.

Shuni alohida qayd etishimiz kerakki, bugungi kunda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 27,2 milliondan oshgan, shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 25,3 million kishini tashkil etmoqda”, deya soʻzini davom ettirdi ATKR vazirligi axborot xizmati rahbari.

Shuni aytib oʻtish kerakki, respublikada raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish, shahar va qishloq hududlari oʻrtasidagi “raqamli tafovut”ni bartaraf etish hamda taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, vazifalar belgilab olingan.

Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida yirik maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari quriladi.

Respublikada telekommunikatsiya operatorlarining raqamli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha ishlarini qoʻllab-quvvatlash, soliq yukini imkon qadar maqbullashtirish va imtiyozlar berish ishlari amalga oshiriladi.

Olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini, noutbuklarni bojxona toʻlovlaridan ozod etish, jalb qilinadigan chet el kreditlari boʻyicha Davlat kafolatini berish choralari koʻriladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yoʻnalishga berilayotgan eʼtibor bir maqsadga yoʻnaltirilgan – aholiga sifatli va zamonaviy telekommunikatsiya va raqamli xizmatlarni koʻrsatish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Shunga koʻra,telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning quyidagi asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilandi. Jumladan:

- xalqaro maʼlumotlar uzatish kanalining oʻtkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;

- 150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilish hisobiga maʼlumotlar uzatish tarmogʻi kengaytiriladi;

- xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllarini mobil aloqa tarmoqlari bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlash;

- optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xoʻjaliklarining kamida 80 foizi Internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan taʼminlanadi.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari 2022-yil 1-yanvardan boshlab Internet jahon axborot tarmogʻiga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladigan boʻldi:

- maʼmuriy binolar va koʻp kvartirali uylarni kamida 1 Gigabit/sekund oʻtkazuvchanlik qobiliyati bilan;

- taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Megabit/s oʻtkazuvchanlik qobiliyati bilan taʼminlash.

Bugungi kunda dunyo tajribasi aholi turmush farovonligini taʼminlash, ular uchun qulayliklar yaratish hamda davlat xizmatlaridan toʻsiqsiz, shaffof va adolatli foydalanishda eng toʻgʻri yondashuv Elektron hukumat ekanligini koʻrsatmoqda.