Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining viloyat, tuman va shahar miqyosidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Joriy yil 9 oyi yakunlariga koʻra mamlakatning investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi. Tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalar va eksportni jalb qilish dinamikasiga ijobiy taʼsir etuvchi omillar belgilandi. Hududiy investitsiya dasturlari ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Investitsiyaviy loyihalar va eksport faoliyatini amalga oshirishda tadbirkorlarni amaliy qoʻllab-quvvatlashning dolzarb vazifalari belgilab berildi. Bundan tashqari, mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirilishini moliyalashtirish manbalarini aniqlash, shuningdek, ishga tushirilgan korxonalar va sanoat obyektlarining faoliyati monitoringini olib borish jarayonlariga tizimli yondashgan holda jalb etilgan investitsiyalar va eksport hajmini oshirishning yangi ishlab chiqilgan mexanizmi yigʻilishning asosiy mavzusi boʻldi. Mazkur mexanizm mamlakat tuman va shaharlarining iqtisodiy va sanoat salohiyatidan toʻla foydalanish hamda ularning jadal va bir meʼyorda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan.

Yangi mexanizm doirasida barcha 206 ta tuman va shahar hokimliklari qoshida loyihaviy guruhlar tashkil etiladi, ular foydalanilmagan yer uchastkalari, bino va inshootlar, tabiiy va infratuzilmaviy resurslarni nazarda tutgan holda mavjud ishga solinmagan imkoniyatlarni tahlil qiladilar. Ushbu tahlil asosida loyihaviy guruhlar tuman va shaharlarni rivojlantirish strategiyalari va konsepsiyalarini ishlab chiqadilar. Guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi qoshida tashkil etilayotgan Loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi.

Ishlab chiqilgan strategiya va rivojlanish konsepsiyalari asosida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi mutaxassislari muayyan tuman yoki shaharning oʻziga xos xususiyatlari hamda iqtisodiy salohiyatiga moslashtirilgan istiqbolli investitsiyaviy takliflarni shakllantiradilar.

Investorlar va loyihalarni moliyalashtirish manbalarini saralash mahalliy hokimiyat organlari tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi hamda mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda mahalliy tadbirkorlar va xorijiy kompaniyalar orasidan amalga oshiriladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi resurslarini jalb qilish orqali tadbirkorlarga yirik loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy yordam koʻrsatish imkoniyatlari ham nazarda tutilgan.

Yangi mexanizmning amaliyotga tatbiq etilishi munosabati bilan vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklarning masʼul rahbarlariga aniq va maqsadli vazifalar hamda zarur tushuncha va koʻrsatmalar berildi. Yangi mexanizmni joriy etish chogʻida mansabdor shaxslarning samarali hamkorligini taʼminlash maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, masʼul rahbarlar malakali mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda alohida tashkil etiladigan maxsus kurslarda tahsil oladilar. Joylarda yangi mexanizmni hayotga tatbiq etishda rahbarlar faoliyatining samaradorligi maxsus reyting orqali baholanadi.

Yigʻilish yakunida tegishli rahbarlarga investitsiyalarni jalb qilish va eksport salohiyatidan samarali foydalanishning yangi mexanizmini amaliyotga joriy etish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.