Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 12 avgustda qabul qilingan PQ-247-son qarori 13 avgustdan kuchga kirdi va u mamlakatimizda iqtisodiy jarayonlarning yangi bosqichga koʻtarilishiga zamin yaratdi. Ushbu qarorning asosiy maqsadlari — yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish, shaffof va adolatli bozor sharoiti yaratish hamda fuqarolarni qonuniy faoliyatga keng jalb qilishdan iborat.
Qarorga muvofiq, kichik biznes va oʻzini oʻzi band qilganlar uchun yagona raqamli platforma tashkil etiladi. Bu platforma orqali fuqarolar oʻz faoliyatini ortiqcha qogʻozbozlik va yugur-yugursiz, mutlaqo qulay sharoitda amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Roʻyxatdan oʻtishdan tortib soliq toʻlashgacha boʻlgan barcha jarayonlar avtomatlashtiriladi. Ya’ni, tadbirkor oʻz uyidan chiqmagan holda smartfon yoki kompyuter orqali quyidagi xizmatlardan foydalana oladi: roʻyxatdan oʻtish va faoliyatni vaqtincha toʻxtatish, avtomatik tarzda soliqlarni hisoblash va toʻlash, deklaratsiyalarni toʻldirish, fiskal cheklarni shakllantirish, davlat organlariga avtomatik hisobot yuborish. Shu bilan birga, bank hisob raqamlarini ochish va yuritish, hamkorlar bilan hisob-kitob qilish, ishchilarga maosh toʻlash, jismoniy shaxslar oʻrtasida pul oʻtkazish imkoniyatlari ham yaratiladi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab butunlay yangi tartib amalga kiritiladi. Individual tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun endilikda hujjatlarni qogʻoz koʻrinishida topshirish shart emas. Bu jarayonni biometrik ma’lumotlar orqali masofadan turib yoki oddiy SMS orqali tasdiqlash mumkin boʻladi. Shuningdek, shartnomalar, schyot-fakturalar, aktlar kabi hujjatlarni ham SMS orqali tasdiqlash imkoniyati beriladi. Qonunchilikka muvofiq, bunday SMS orqali tasdiq qogʻozda qoʻyilgan imzo bilan teng kuchga ega boʻladi.
Qarorda elektron hamyonlarga alohida urgʻu berilgan. Yagona raqamli platforma orqali ochilgan elektron hamyon toʻliq bank hisob raqamiga tenglashtiriladi. Bu esa tadbirkorlarga katta qulaylik yaratadi: ular daromadlarni qabul qilish, ishchilarga maosh toʻlash, hamkorlar va davlat organlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash imkoniyatiga ega boʻladilar. Qolaversa, bir oy ichida banklar elektron pul emissiya qilish huquqini oladi. Bu esa elektron mablagʻlarning chiqarilishi, hisobga olinishi va qaytarilishi bilan birga, ularning toʻliq aylanishi va muhofazasini kafolatlaydi.
Shuningdek, platformada zamonaviy toʻlov texnologiyalari joriy etiladi. Fuqarolar va tadbirkorlar QR-kod orqali toʻlovlar, «tap to pay» beskontaktli toʻlovi, elektron rekvizitlarni avtomatik shakllantirish, QR-kodlarni skaner qilish kabi imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin boʻladi. Bu nafaqat hisob-kitoblarni tezlashtiradi, balki iqtisodiyotni yanada shaffoflashtiradi va har bir operatsiyaning fiskallashuvini ta’minlaydi.
Qaror ijrosini ta’minlash uchun Markaziy bank, Milliy istiqbolli loyihalar agentligi, Iqtisodiy va moliya vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi mas’ul etib belgilandi. Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi va Kichik biznes uyushmasi raqamli platformalarning afzalliklarini tadbirkorlar va aholi orasida keng targʻib qilishi shart.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, mazkur qaror nafaqat ma’muriy jarayonlarni yengillashtirish, balki mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ulkan qadamdir. U tadbirkorlar uchun qulaylik va shaffoflik yaratadi, aholining turmush darajasini oshiradi, davlat uchun esa soliq tushumlarining koʻpayishi va iqtisodiy islohotlarga boʻlgan ishonchning kuchayishiga xizmat qiladi.
Po’latov Temur,
Toshkent davlat yuridik universitet Kiber huquq kafedrasi oʻqituvchisi