Oʻzbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi va Yadro tibbiyoti markazi loyihasiga rasman start berildi

    Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi binosi uchun kotlovan qazish ishlariga rasman kirishildi.

    Dushanbe shahrida oʻtayotgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi sammitlari doirasida Oʻzbekistonda atomdan tinch maqsadlarda foydalanish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda telekoʻprik orqali Jizzax viloyatida qazish ishlariga start berildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxoʻjayev, Rossiya Federatsiyasining atom energiyasi boʻyicha “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov hamda ikki davlat vakillari ishtirok etdi.

    Shuningdek, tadbir doirasida Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga ham rasman start berildi va markaz qurilishiga ramziy tamal toshi qoʻyildi.

    Marosimda sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti boshqaruv raisi Arkadiy Stolpner, sohaning yetakchi mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Mazkur loyiha Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari darajasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi boʻlib, ikki davlat hamkorligining yana bir yorqin namunasi sifatida eʼtirof etildi.

    Yadro tibbiyoti markazi nafaqat zamonaviy klinika, balki mamlakat tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy, amaliy va ijtimoiy ahamiyatga ega yirik tashabbus hisoblanadi. U inson hayotini saqlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va milliy tibbiyot salohiyatini oshirishda muhim oʻrin tutadi.

    Maʼlum qilinishicha, loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Unga tayyorgarlik jarayonida xalqaro yadro tibbiyotining hozirgi holati chuqur tahlil qilindi, yetakchi mamlakatlar tajribasi oʻrganildi va samarali yechimlar taqqoslab chiqildi.

    Markaz S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti (MIBS) ishtirokida investitsiya asosida barpo etiladi. Umumiy maydoni 12 ming kvadrat metr boʻlgan obyektda muhandislik, geologik, ekologik va boshqa loyihaoldi tadqiqotlar amalga oshirilgan.

    Markazda diagnostika va radiojarrohlikdan tortib, saratonning eng murakkab shakllarini davolash uchun proton terapiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda pozitron-emission tomografiya (PET/KT), siklotron majmuasi va radiofarmpreparatlar laboratoriyasi bilan jihozlangan yadro diagnostika markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi bosqichlarda radionuklid terapiyasi yoʻlga qoʻyilib, izotop tadqiqotlari koʻlami kengaytiriladi.

    Maʼlumki, bu turdagi tashxis va davolash xizmatlari chet elda juda qimmat turadi. Markaz faoliyat boshlashi bilan fuqarolarimiz zamonaviy tibbiy xizmatlarni mamlakat ichida qulay va tejamkor sharoitda olish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Markaz yiliga taxminan 8 ming nafar bemorda kasalliklarni ilk bosqichda aniqlash imkonini beradi. Bu esa toʻliq shifo topish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu bilan birga, loyiha tibbiy turizmni rivojlantirishga ham zamin yaratadi.

    Loyihaning yana bir muhim jihati — yuzdan ziyod yuqori texnologiyali ish oʻrinlarining yaratilishidadir. Markaz faoliyati orqali yadro tibbiyoti sohasida milliy kadrlar bazasi shakllanadi. Bu muassasa faqat tashxis va davo bilan cheklanmay, ilmiy izlanishlar, yangi usullarni sinovdan oʻtkazish va mutaxassislar tayyorlash uchun ham platforma vazifasini bajaradi.

    Loyiha doirasida yadroviy texnologiyalar asosida zamonaviy tashxis va davolash usullari joriy etiladi. Onkologiya va radiologiya sohasida kadrlar salohiyati, ilmiy baza va infratuzilma yanada rivojlanadi. Bu esa mamlakat tibbiyotida yangi bosqichni boshlab beradi.

    Inson salomatligini muhofaza qilishda aniqlik, samaradorlik va zamonaviy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etadi.