Markazning ochilishi marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov, Rossiya Federatsiyasi Moskva shahri hukumati vaziri K.Purtov, Moskva shahri “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” bosh direktori S.Baldin ishtirok etdilar.
Maʼlumki, Rossiya Federatsiyasi hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi va mazkur markaz filialining Oʻzbekistonda ochilishi esa Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolar uchun qator qulayliklar yaratadi.
Endilikda patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi”ning Oʻzbekistondagi filialida amalga oshiriladi.
Xususan, Rossiyada ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni tanlash, kasbiy malakasini baholash, ish beruvchilar bilan suhbatlar oʻtkazilishini tashkil etish, ushbu davlatga kirish va mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq taqiqlarni tekshirish, mehnat migrantlariga ishga joylashish, ishlash uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, pandemiya bilan bogʻliq cheklovlarni inobatga olgan holda mamlakatda boʻlish tartiblari boʻyicha konsultatsiya berish, ularning Rossiyaga kirib borishiga koʻmaklashish va mavjud vakansiyalar haqida maʼlumotlar berish kabi xizmatlar amalga oshiriladi.
Rossiyada ishlash istagidagi fuqaro ushbu filialda birlamchi hujjatlarni toʻldirib, Moskva shahridagi “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi”ga topshiradi va tezlashtirilgan tartibda patent olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kelgusida ushbu filial faoliyatini kengaytirish boʻyicha ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Moskva shahridagi “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” hamda “KROST” tashkiloti oʻrtasida fuqarolarni tashkillashtirilgan holda Moskva shahriga ishga jalb qilish boʻyicha uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish lozimki, Saxarov nomidagi “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi”ning asosiy faoliyati Moskva shahri va viloyatida ishlash istagidagi chet ellik fuqarolar uchun patent rasmiylashtirish xizmatini koʻrsatadi.