OʻzR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti tomonidan ishlab chiqilgan “Nanoderm” — turli xil kuygan yara va chuqur yaralarni davolovchi bakterisid xossali, bioeruvchan implant-plyonkalar hisoblanadi.

“Nanoderm” plyonkasi kuygan yaralarga qoʻllanilgan vaqt davomida bosqichma-bosqich taʼsirga ega. Plyonka tarkibidagi biologik faol modda eritma, gel shaklidagi dori vositasiga nisbatan uzoqroq vaqt taʼsir etadi. Kuyganlik darajasiga qarab bir necha marotaba qoʻllash mumkin.

Ilk bor nanotexnologiya prinsiplarni qoʻllagan holda kumush nanozarralari bioeruvchan, bioparchalanuvchan polimer plyonkalarida shakllantirildi.

“Nanoderm” plyonkasi keng taʼsirga ega boʻlib, mikroorganizmlarga qarshi faollik, kuygan toʻqimalarni regeneratsiyalovchi xossalarni namoyon etadi.

Maʼlumot oʻrnida, “Nanoderm” dori plyonkasi yuqori sorbsion xossani namoyon etib, kuygan yaralar yuzasidagi hosil boʻlgan yiringlarni oʻziga shimib oladi va mikroorganizmlarga nisbatan uzoq taʼsirlashish xossasiga ega. Plyonka kuygan yaralar yuzasidan olib tashlanmaydi, vaqt oʻtishi bilan soʻrilib ketadi, bu oʻz navbatida bakteriyalarga qarshi davolash samaradorligini oshiradi.