Oʻzbekistonda litsenziyaga ega nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati eʼlon qilindi

    Soʻnggi yillarda taʼlim jarayonlarini tashkil etish va yurtimizning investitsion jozibadorligini oshirish boʻyicha yaratilgan qulay shart-sharoitlar sababli mamlakatimizda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni ortib bormoqda.

    Amaldagi qonunchilikka koʻra, nodavlat taʼlim tashkilotlari oliy taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olishlari lozim.

    Yangi oʻquv yili oldidan abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish va ishonchli maʼlumot taqdim etish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olgan nodavlat oliygohlar roʻyxati eʼlon qilinmoqda.

    Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti

    Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti

    Toshkent shahridagi Inxa universiteti

    Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti

    Toshkent shahridagi Amiti universiteti

    Toshkent shahridagi Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi

    Akfa universiteti

    Qoʻqon universiteti

    Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti

    TEAM universiteti

    Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti

    “Tashkent International University of Education” xalqaro universiteti

    Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent shahridagi filiali

    “EUROPEAN MEDICAL” universiteti

    “STARS INTERNATIONAL” universiteti

    Maʼmun nomidagi jahon tillari instituti

    “AL-BUKHARI” universiteti

    “CAMBRIDGE INTERNATIONAL” universiteti

    “TMC” instituti

    Taʼkidlash lozim, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hujjatlarni qabul qilish muddati va talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibini mustaqil belgilaydi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyundagi “2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish talabadan alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari asosida oʻtkaziladi.

    Oʻtish balidan past ball toʻplagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan bir martalik toʻlov asosida amalga oshiriladi, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.