Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan “Oʻzbekiston—2030” strategiyasi loyihasida koʻzda tutilgan.
Loyihada taʼlim tizimi islohotlari keltirilgan boʻlib, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida ming nafar tarbiyachi va oʻqituvchini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish koʻzda tutilmoqda. 500 ming nafar maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari xodimlarining malakasi uzluksiz oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning toʻliq qamrovini taʼminlash maqsad qilingan. Bolalarni maktabgacha taʼlim va tayyorlov guruhlari bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini 56 mingtaga yetkazish, 2 mingta bogʻcha tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Barcha davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini kompyuter sinfi bilan taʼminlandi.
Umumiy oʻrta taʼlim tizimida 2023/2024-oʻquv yildan boshlab har yili 500 ming yangi quvvatlarni tashkil etib borish, oʻquv oʻrinlari sonini 7,5 milliongacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Loyihaga koʻra, 2,5 million oʻquvchi oʻrniga ega maktablar qurishga 8 milliard dollar ajratiladi. 699 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, oʻqituvchi metodika kitoblari va mobil ilovalar yaratiladi. 208 ta “Isteʼdod – Intilish – Istiqbol” nomli maktab-internatlar tashkil etiladi.
Taʼlim tashkilotlariga har yili 500 nafar til egalari boʻlgan xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.
Boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining oʻquv yuklamasini 16 soat, yuqori sinf oʻqituvchilariga esa 18 soat etib belgilanadi. Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun bepul maktab avtobuslari yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan toʻliq taʼminlash koʻzda tutilmoqda.