Oʻzbekistonda maktab oʻquvchilari Vikipediyaning oʻzbek tilidagi qismini boyitish ustida ishlayapti

    Raqamlashtirish 7 May 2021 1108

    2020-yilda “Diplomat International School” maktabi oʻquvchilarining tashabbusi bilan tarix oʻqituvchisi Nikolay Artemev boshchiligida “Vikipediya” Butunjahon internet-qomusining oʻzbek tili qismidagi maqolalarni toʻldirish va takomillashtirish uchun “Wikischool” loyihasi yaratildi.

    Internet-qomusga davlat amaldorlari, siyosiy arboblar, siyosiy partiyalar vakillari toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritilgan. Ayni vaqtda rus tilida 150 dan ortiq, oʻzbek tilida 150 ga yaqin, ingliz va nemis tillarida ham koʻplab maqolalar tayyorlangan. Oʻquvchilar joriy yil soʻngiga qadar Vikipediya internet-qomusining oʻzbek tili qismiga 1000 dan ortiq material joylashtirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

    Virtual ensiklopediyani maqolalar bilan toʻldirish ishlari maktab oʻquvchilari uchun juda qiziqarli jarayon boʻlib, bu ularning qoʻshimcha bilimlarga ega boʻlishi, kompyuter savodxonligi, kerakli qidiruv tizimlaridan foydalanish va muloqot mahorati boʻyicha qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.