Oʻzbekistonda Malayziya kompaniyasi bilan hamkorlikda aqlli mini-texnikalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi

    Oʻzbekistonda Malayziya kompaniyasi bilan hamkorlikda aqlli mini-texnikalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼullari Malayziyaning “Meraque Group Snd Bhd” kompaniyasi direktori I.Lii bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi boʻyicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlikning har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli yoʻnalishlari amalga oshiriladigan loyihalarning istiqbollari boʻyicha takliflar oʻrtaga tashlandi.

    Shuningdek, “Meraque Group Snd Bhd” kompaniyasi direktori I.Lii tomonidan kompaniya faoliyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazilib, uning 2018-yili “start-up” loyiha asosida tashkil etilgani, hozirgi kunda esa 200 nafar olim, muhandis va yosh “start-up”chilar faoliyat yuritishi maʼlum qilindi.

    Uchrashuv chogʻida tomonlar oʻrtasida Malayziya kompaniyasining bogʻlarga ishlov beruvchi, dalalarga oʻgʻit sepuvchi aqlli mini-texnikalari hamda aynan qishloq xoʻjaligida ishlatish uchun moʻljallangan maxsus dronlarini Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligiga joriy etish masalalari ham muhokama etildi.

    Uchrashuv soʻngida kompaniya tomonidan kichik hajmdagi aqlli qishloq xoʻjaligi texnikalarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarish tizimini Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida yoʻlga qoʻyish boʻyicha loyihani amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqishga kelishib olindi.