Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis hamda xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida yurtimiz taʼlim va tarbiya tizimini rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirishga doir boʻlgan muhim vazifalar belgilab berildi. “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham bu jihatlarga keng oʻrin ajratilgan boʻlib, ilm-fan taraqqiyotining moddiy va huquqiy asosi yaratildi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ilm-fan hamda badiiy taʼlimning rivojlantirish, yurtimizda olib borilayotgan keng islohotlarning tasviriy va amaliy sanʼatda aks etishini tahlil qilish, sanʼatimizni xalqaro miqyosda targʻib etishga qaratilgan “Zamonaviy jamiyatda fan va badiiy taʼlim: dolzarb masalalar va innovatsion tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy onlayn konferensiya 2021-yil 12-fevral kuni boʻlib oʻtdi.
Anjumanda yurtimizning taniqli sanʼatshunoslari va yosh olimlari bilan bir qatorda, Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Xitoy, Armaniston, Moldova, Tojikiston kabi oʻndan ortiq davlatlardan tadqiqotchilar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Bugun zamonaviy dunyoning obyektiv haqiqatiga aylangan jamiyatning barcha jabhalarida roʻy berayotgan birlashish, standartlashtirish, integratsiya jarayonlarini inkor etib boʻlmaydi. Ushbu xalqaro ilmiy onlayn-konferensiyada tasviriy va amaliy sanʼatdagi zamonaviy tendensiyalar hamda milliy va jahon badiiy taʼlimining istiqbolli rivojlanishiga doir muammolar hamda ularning yechimlari, shuningdek, dunyo muzeylarining bugungi faoliyati, konservatsiya va restavratsiya sohasidagi soʻngi yangiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Badiiy taʼlim sohasida bugungi kunda xalqaro hamkorlik aloqalalarini yana-da mustahkamlash, pandemiya davrida toʻxtab qolgan bir qator muhim jarayonlarni qayta yoʻlga qoʻyish, onlayn muhokamalar qamrovini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Nodirbek Sayfullayev:
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sanʼat va madaniyat hamda uning tarkibiy qismi boʻlmish badiiy taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida yurtimiz tasviriy va amaliy sanʼati, muzeyshunoslik, dizayn sohalarida ulkan oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Xususan, 2020-yilning 21-aprel kuni eʼlon qilingan “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori sohada yangi tarixiy davrni boshlab berdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Bugun Yangi Oʻzbekiston dunyoga yuzlanayotgan davrda barcha sohalar kabi, uning sanʼati va madaniyati ham dunyo bilan hamnafas rivoj topmoqda. Albatta, badiiy taʼlimda ham milliy anʼanalarimizni ilgʻor xorij tajribasi bilan uygʻunlashtirish muhim hisoblanadi. Qarorda “badiiy taʼlim sohasida yukori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilgʻor xorijiy tajriba va xalkaro standartlar asosida takomillashtirish, oʻkuv jarayoniga taʼlimning innovatsion usullari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish” hamda “taʼlim sifatini oshirish, nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari ishtirokida onlayn vebinarlar, maʼruzalar va mahorat darslarini tashkil etish” vazifasi qoʻyildi.
Ushbu xalqaro ilmiy onlayn-konferensiya ham mazkur qaror ijrosini taʼminlash hamda zamonaviy jamiyatda ilm-fan va badiiy taʼlimdagi dolzarb masalalarni hal qilish maqsadida, innovatsion tadqiqotlarni sohaga keng joriy etish, dunyoda sodir boʻlayotgan ilmiy yangiliklar bilan yurtimiz olimlarini keng tanishtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Xalqaro ilmiy konferensiya yangilanib borayotgan Oʻzbekiston sanʼatining milliy va umuminsoniy xususiyatlarini tadqiq etishda fan va badiiy taʼlim integratsiyasining ahamiyati, “Uchinchi renessans” davrida badiiy taʼlim va sohadagi tadqiqotlarning oʻrni va roli, sanʼat va madaniyat tizimi istiqbolini belgilash, tadqiqotchilarning ilmiy-ijodiy imkoniyatlar doirasini kengaytirish, badiiy-estetik mezonlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ushbu konferensiya xalqaro aloqalarni kengaytirishga hamda chet ellik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni mustahkamlashga, institutimizda olib borilayotgan tadqiqotlarning natijalarini xalqaro miqyosda eʼtirof etilishiga yordam beradi.

Temuriylar sanati va madaniyatini oʻrganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bopertua Bressand (Fransiya):
Soʻngi toʻrt yil davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jahon hamjamiyati tomonidan yuqori darajada eʼtirof etilmoqda. Ayniqsa, xalqaro hamkorlikka qaratilgan eʼtiborni alohida taʼkidlab oʻtish joizdir. Bugungi konferensiya ham, Oʻzbekistonning sanʼati va madaniyati hamda boshqa sohalar qatori dunyo sanʼati bilan chuqur integratsiyaga kirishayotganidan dalolatdir.
Hozirgi koronavirus pandemiyasi sharoitida oʻtkazilgan ushbu xalqaro konferensiyada tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn sohalari muammolarini oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan muhokama qilish imkoniga ega boʻlganimdan juda xursandman.
Men qariyb 30 yildan ortiq Fransiyada Temuriylar sanʼati va madaniyatini targʻib qilish bilan shugʻullanib kelmoqdaman. Fransiyada bizning assotsiatsiyamizda ham, bugungi Oʻzbekiston taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan siyosiy-ijtimoiy, madaniy islohotlar va ularning xalqaro hamkorlikni rivojlanishidagi oʻrni toʻgʻrisida davra suhbatlari muntazam oʻtkazilib turiladi. Men, Samarqandning faxriy fuqarosi ekanligimdan doim faxrlanaman!

A.L.Shtiglis nomidagi Sankt-Peterburg davlat badiiy-sanoat akademiyasi dotsenti, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, Kseniya Bandorina (Rossiya Federatsiyasi):
Oʻzbekistonda badiiy taʼlim sohasidagi muammo va vazifalarning jahonda kechayotgan badiiy jarayonlar bilan umumiy jihatlari mavjudligi eʼtiborga loyiqdir. Oʻzbekistonda tasviriy sanʼatga, badiiy taʼlim rivojiga boʻlgan eʼtibor, uni ilmiy jihatdan tadqiq etish zamonaviy ilm-fan oldida turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Misol uchun, Sankt-Peterburg badiiy muhitida doimo akademik sanʼat anʼanalari muhim ahamiyatga ega. Uzoq yillardan buyon yangi izlanishlar uchun eshiklarini keng qilib ochgan Gʻarbdagi sanʼat akademiyalaridan farqli ravishda, bizda zamonaviy sanʼat bilan bogʻliq tajribalarda maʼlum bir yondashuv shakllangan va hamon saqlanib kelmoqda. Akademik sanʼatda realistik sanʼat uslublarini impressionizm elementlari va postimpressionistik dekorativlik bilan uygʻunlashtirgan haqiqiy rus eskiz manzara anʼanalari davom ettirilmoqda.
Bugungi xalqaro ilmiy onlayn konferensiyada ham aynan, yangilanayotgan Oʻzbekistonning madaniyat va sanʼat sohasi taraqqiyoti samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlar va ularning yechimi toʻgʻrisida fikr almashilindi.

Ispaniya sharqshunoslari assotsiatsiyasi Bosh kotibi, professor Xesus Xil Fuyesenta (Ispaniya):
Zamonaviy badiiy jarayonda jamiyat va rassom oʻrtasida maʼlum bir tushunmovchilik yuzaga kelgan deb oʻylayman. Buning asosiy sababi zamonaviy sanʼatdagi bir qator ijodiy izlanishlar faqat tor doiradagi tomoshabinlar uchun moʻljallangani bilan bogʻliq. Boshqa tomondan, soʻnggi yillarda asosan konseptual sanʼatga eʼtibor kuchayib, anʼanaviy sanʼat turlariga ahamiyat bermaslik va oxir-oqibat uning eskirishi, moliyalashtirilmasligi ham jiddiy muammoga aylandi. Xalqaro konferensiyada ushbu mavzuni yoritish bilan bir qatorda Oʻzbekiston tasviriy sanʼati bilan yaqindan tanishish imkoniyati paydo boʻldi hamda oʻzbek va ispan rangtasvirdagi muammolar bir-biriga oʻxshashligiga guvoh boʻldim.

Oksford universiteti kichik ilmiy xodimi, sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD Yusen Yu (Buyuk Britaniya):
Oʻzbeki Oʻzbekistondagi hamkorimiz Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan onlayn tizimda ilmiy-madaniy aloqalarimiz davom etayotgani va bir-birimizdan tajriba almashish imkoni borligi quvonarlidir.
Tadqiqot mavzuim toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsam, hozirgi kunda xalqaro vebinarlar tashkil etish – innovatsion taʼlimning ajralmas qismi sifatida tan olingan. Oʻrta Osiyo arxeologiya va sanʼat tarixi haqidagi Toshkent Oksford vebinarlari oʻylashimcha mening materiallarimdan oʻquv jarayonida sanʼatshunoslar, madaniyatshunoslar, rassomlar tayyorlashda foydalanish mumkin.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti doktoranti, Inobat Imankulova (Oʻzbekiston):
Uzoq tarixdan maʼlumki, rivojlanish va taraqqiyot yuz bergan jamiyatda albatta dastlab ilm-fan yutuqlari koʻzga tashlanadi. Yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy hayotida yangicha ong va dunyoqarashning shakllanishida avvalo, ilm-fan rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyatlar muhim oʻrin tutmoqda. Ushbu xalqaro ilmiy onlayn - konferensiyada asosiy eʼtibor sanʼat va madaniyat sohasidagi dolzarb muammolar yechimi va ilmiy innovatsion gʻoyalarga asoslangan tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va yuzaga chiqarishga qaratilgan.
Dunyoda global muammoga aylangan pandemiya sharoitiga qaramasdan institutimizda bu kabi xalqaro konferensiyalarning onlayn tarzda oʻtkazilishi sanʼatimiz rivoji uchun katta voqelikdir.
Negaki bugun jaxonning taraqqiy etgan davlatlari – Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, AQSH, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniyada sanʼat sohasida tadqiqotlar olib borgan olimlar bilan fikr almashish imkoni ega boʻldik. Bu esa institutimizda faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar qatorida ilmga qiziqishi baland talaba-yoshlar uchun ham ayni muddao, deb hisoblayman.