Tadbir O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Konrad Adenauer jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi texnik ko'magida tashkil etildi. Davra suhbati davomida ishtirokchilar tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, NNTlar o'zgarishlarni amalga oshirishning asosiy dastaklaridan biri ekanligi, ularga bo'lgan ehtiyoj va tayyorlikka shubha yo'qligi ta'kidlandi.

2017 – 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning asosiy yo'nalishi sifatida belgilangan. O'zbekistonda qabul qilingan qonunchilik chora-tadbirlari natijasida, NNTlar davlat qurilishida tobora mustahkam o'rin egallab, davlatning to'laqonli hamkoriga aylanib, ularning soni izchil sur'atlar bilan ortib bormoqda.

O'tgan to'rt yil mobaynida NNTlar faoliyatini tubdan yaxshilash, rivojlantirish va soddalashtirish bo'yicha ishlar amalga oshirilib, NNT faoliyatini takomillashtirish, rivojlantirish va soddalashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonidagi rolini oshirishni nazarda tutuvchi ettita normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ushbu sohani rivojlantirish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, NNTlarning o'rni va ahamiyati, ijtimoiy faolligi va samaradorligini oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi PF-6181-son Farmoni bilan 2021 – 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi, 2021 – 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasini 2021 yilda amalga oshirish “Yo'l xaritasi” hamda 2021 – 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko'rsatkichlari tasdiqlangan.

NNTlarni qo'llab-quvvatlash, NNT va davlat organlari o'rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, samarali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo'yicha izchil ishlar qayd etildi.

Xususan, oxirgi to'rt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270 dan ortiq loyihalarini qo'llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard so'm miqdordagi mablag'lar ajratildi.

NNTlar rivojlanishining o'ziga xos xususiyati sifatida ularning jamiyatning barcha sohalariga kirib borishi hisoblanadi. Davra suhbati davomida ishtirokchilar qonunchilikdagi yangiliklar to'g'risida fikr almashish, shuningdek NNT faoliyatining quyidagi yo'nalishlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar:

odam savdosiga qarshi kurashda jamoatchilik nazorati;

mehnat muhojirlarini huquqiy himoya qilish;

zo'ravonlikka uchragan ayollarni huquqiy himoya qilish;

NNT faoliyatining ochiqligi indeksi.

Tadbir ishtirokchilari Germaniya, Sloveniya va EIning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi tajribasi, NNTlarning parlament va hukumat bilan hamkorligi tartibi bilan tanishdilar.

Davra suhbatida Oliy Majlis palatalari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va xalqaro institutlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari sohasini yanada rivojlantirishga hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalarini hal etishda davlat hokimiyati va tadbirkorlik tuzilmalari bilan NNTning ijtimoiy sheriklikka ko'maklashuvchi takliflar ishlab chiqildi.