Shu munosabat bilan Oliy taʼlim vazirligi rasmiy veb saytida fuqarolarga yana-da tushunarli boʻlishi maqsadida oliy taʼlim muassasalarida oʻqitishning minimal xarajatlari toʻgʻrisida axborot berdi.
"Bugungi kunda respublika oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida bir talabani bir yillik oʻqitish xarajatining eng kam miqdori (stipendiyasiz) 9,3 mln soʻmni tashkil etmoqda.
Jumladan, professor-oʻqituvchi, xodimlar ish haqlari va ish beruvchining ijtimoiy toʻlovi uchun 7,9 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 85,4%), boshqa joriy saqlash xarajatlari uchun 1,4 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 14,6%) shundan, kommunal xarajatlar uchun 0,3 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 2,8%).
Amalda esa bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori (stipendiyasiz) 6,4 mln.soʻm etib belgilangan boʻlib, joriy saqlash xarajatlarining 69% ni qoplamoqda. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, har bir bazaviy toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar oʻqitishning minimal xarajatlari uchun toʻlovlarni 2,9 mln.soʻmga kam toʻlamoqda. Mazkur xarajatlar oliy taʼlim muassasalari tomonidan oshirilgan (“super”) kontrakt va davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanib kelinmoqda.
Maʼlumot uchun: hisob-kitoblar bugungi kunda respublika oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalarning 80% dan ortigʻi oʻqiyotgan taʼlim yoʻnalishlariga tegishli.
Shu bilan bir qatorda, sanʼat taʼlim yoʻnalishlarida oʻqitish xarajatining eng kam miqdori 21,9 mln.soʻmni tashkil etgani holda, jumladan, professor-oʻqituvchi, xodimlar ish haqlari va ish beruvchining ijtimoiy toʻlovi uchun 20,5 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 93,8%), boshqa joriy saqlash xarajatlari uchun 1,4 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 6,2%) shundan, kommunal xarajatlar uchun 0,3 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 1,2%), bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori (stipendiyasiz) 7,8 mln.soʻm etib belgilangan boʻlib, xarajatlarning 35,5% ni qoplamoqda.
Huddi shunday sogʻliqni saqlash taʼlim yoʻnalishlarida ham oʻqitish xarajatining eng kam miqdori 13,5 mln.soʻmni tashkil etgani holda, jumladan, professor-oʻqituvchi, xodimlar ish haqlari va ish beruvchining ijtimoiy toʻlovi uchun 12,1 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 90,0%), boshqa joriy saqlash xarajatlari uchun 1,4 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 10,0%) shundan, kommunal xarajatlar uchun 0,3 mln.soʻm (umumiy xarajatga nisbatan 2,0%), bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori (stipendiyasiz) 9,1 mln.soʻm etib belgilangan boʻlib, joriy saqlash xarajatlarining 67,4% ni qoplamoqda.
Yuqorida keltirilgan tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oliy taʼlim muassasalari xarajatlarining asosiy qismi professor-oʻqituvchi va xodimlar ish haqlariga toʻgʻri kelmoqda. Belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlari esa ish haqlarini qoplash uchun yetmaydi.
Respublikada pandemiya munosabati bilan eʼlon qilingan karantin cheklovlari davrida oliy taʼlim muassasalarining barcha professor-oʻqituvchi va xodimlariga belgilangan tartibda ish haqlari, jumladan talabalarga stipendiya toʻlovlari ham toʻlab kelinmoqda.
2020-yilning 1-aprelidan professor-oʻqituvchilar masofaviy ish rejimiga oʻtgan holda tasdiqlangan fan dasturlari asosida belgilangan darslarni onlayn koʻrinishida oʻtib, belgilangan oʻquv va metodik yuklamalarini bajardi. Oliy taʼlim muassasalari talabalar uchun masofaviy (onlayn) taʼlim berish joriy etilganligi munosabati bilan uni tashkil etish uchun qoʻshimcha texnik va metodik taʼminot yaratildi.
Pandemiya muddatlari uzaytirilib, oʻqish onlayn tarzda davom ettirilgan holatda ham, toʻlov-shartnoma asosida tahsil oladigan talabalar va ularning ota-onalari xavotirlanishga hech qanday asos yoʻq. Taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida tahsil oladigan har bir talabaga muassasa maʼmuriyati tomonidan individual yondoshgan holda imoniyat yaratib beriladi.
Oliy taʼlim muassasalari oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan yoshlarimizning tanlovini hurmat qilgan holda, ularning malakali mutaxassis boʻlishlarini taʼminlash uchun oliy taʼlim tizimida mavjud barcha imkoniyatlarni safarbar etadi", deyiladi axborotda.