«Maktablarda aynan malakali oʻqituvchilarga talab juda yuqori. Lekin ushbu grafikda koʻrishingiz mumkinki, atigi 3% oʻqituvchi oliy toifaga, 11 % esa birinchi toifaga ega, yaʼni umumiy 14% oʻqituvchini yashil kategoriyaga ajratsa boʻladi. Bular nafaqat maktab direktori tomonidan eʼzozda, balki ota-onalar ham aynan shunday malakali oʻqituvchilarni repetitor sifatida qoʻshimcha dars berishga koʻndirishga harakat qilishadi.
Avvalgi post grafigidagi qizil kategoriyadagi maktablarga borilsa, aksariyatida umuman oliy toifali oʻqituvchi yoʻq ekani koʻrinadi. Aksincha, yashil kategoriyadagi maktablarda oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ham nisbatan koʻproq boʻlib chiqyapti.
Endi, quyiroqdagi grafikka eʼtibor bersangiz, yashil kategoriyali oʻqituvchilar pedstavkaga nisbatan koʻp emas, aksincha joylarda ularga talab juda yuqori. Qizil kategoriyadagi, yaʼni toifasiz oʻqituvchilar orasida va umuman oliy taʼlimda oʻqimagan oʻqituvchilar orasida aynan bir oʻqituvchi oʻrnida bir necha oʻqituvchi ishlayotgani grafikdan yaqqol koʻrinadi. Buning natijasida ularning haqiqatda olayotgan oyligi ham anchagina kamayadi. Ushbu qizil kategoriyadagi oʻqituvchilar umumiy oʻqituvchilarning yarmidan koʻpini tashkil etadi. 80 ming oʻqituvchi koʻproq deyilgani ham aynan ushbu qizil kategoriyadagi oʻqituvchilar orasidadir.
Shu sababli, qizil kategoriyadagi oʻqituvchilarimizdan koʻproq oʻz ustilarida ishlab, oʻz fanlarini chuqurroq oʻrganib, navbatdan tashqari malaka toifa imtihonlaridan oʻtib, oʻz toifalarini oshirishlarini soʻraymiz. Shu orqali ularning oylik maoshlari ham oshadi. Toifasiz oʻqituvchi va oliy toifali oʻqituvchi oyligi orasidagi farq ham anchagina, shuningdek, xabaringiz bor yuqori toifali oʻqituvchidan soat ortib qolsagina pastroq toifa oʻqituvchiga beriladigan tartib joriy etilmoqda. Bu esa malakali oʻqituvchining oyligi yana oshishiga yordam beradi. Bundan buyogʻiga ham oylik oshirish boʻyicha siyosat yuqori malakali oʻqituvchi bilan toifasiz oʻqituvchi oyligi orasidagi farqni oshirishga qaratiladi.
Oʻqituvchi boshqa tumanga ishlash uchun borganiga 50%, boshqa viloyatga borganiga esa 100 % qoʻshimcha toʻlanishi ham faqat oliy va birinchi toifali oʻqituvchilarga taalluqli boʻlgani ham bunday oʻqituvchilarimiz oʻz ustilarida ishlashlari uchun qoʻshimcha stimul boʻladi deb umid qilamiz.
Oʻqituvchining oʻz kasbini hamda bolalarni sevishi, oʻz malakasini doimiy oshirib borishi eng muhim masaladir va qolgan tashqi faktorlar ikkilamchi. Masalan, yaqinda Bulungʻur tumanidagi 2 ta toʻq qizil kategoriyadagi maktablarga tashrifimiz chogʻida shunga guvoh boʻldikki, avvalo, ularning moddiy texnik holati oʻsha tumandagi yashil maktabnikidan yaxshiroq ekani, hamda qizil maktablar bitiruv sinflaridagi oʻquvchilari soni 15,16 va 19 nafarni tashkil etgani va aksincha yashil maktabda oʻquvchilar soni sinfda bundan ancha koʻp boʻlgan.
Uch-toʻrt yil avval bunday talab qoʻyib boʻlmas edi, chunki oʻqituvchi oʻzining ishidan boshqa barcha ish bilan shugʻullanar, hamda qogʻozbozlikka koʻmilgan edi. Hozir esa oʻqituvchidan faqat oʻz ustida ishlash, hamda oʻquvchilarning natijaga erishishlariga harakat qilish talab etiladi. Hozirning oʻzidayoq, darhol qizil kategoriyadagi oʻqituvchiga chora koʻrilsin deb aytilgani yoʻq. Asosiy maqsadimiz taʼlim sifatini oshirishga birgalikda harakat qilish! Oʻqituvchilar orasida ham sogʻlom raqobat shakllanishi barcha maktablarda taʼlim sifati oshishiga yordam beradi.
PS. Eslatib oʻtmoqchiman: Oliy va birinchi toifani Xalq taʼlimi vazirligi bermaydi. Toifani alohida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi imtihonlari asosida beriladi» deb yozadi XTV rahbari Feysbukdagi sahifasida.