Kuzda oʻtkaziladigan Global Sammit Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha progressga erishishga qaratilgan harakatlarning debochasiga aylanishi kutilmoqda, ularning har biri maʼlum darajada yana-da sogʻlom, barqaror va adolatli ishlaydigan oziq-ovqat tizimlariga bogʻliq boʻlib, beshta maqsadni koʻzlaydi: Barcha xavfsiz va toʻyimli oziq-ovqatga ega boʻlishini taʼminlash; Oqilona isteʼmolga oʻtish; Ekologik oqilona ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish; Teng yashash sharoitlarini targʻib qilish; Zaiflik, zarbalar va stresslarga qarshi tura olishni taʼminlash. (Sammit haqida batafsil).
100 dan ortiq davlatlarda Oziq-ovqat tizimlari boʻyicha Global sammitga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha milliy jarayonlar, dialoglar va konsultatsiyalar oʻz ishini allaqachon boshlagan. Shuningdek xalqaro sheriklar ishtirokidagi mintaqaviy dialoglar ham boʻlib oʻtmoqda.
Xususan, 25-mayda Yevropa va Markaziy Osiyoda oziq-ovqat tizimlarini transformatsiyalash masalalari yuzasidan mamlakatlararo darajada ishchi videokonferensiya shaklida Mintaqaviy dialog oʻtkazildi (tashkilotchi: BMTning barqaror standartlar boʻyicha forumi). Ushbu videokonferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan OʻzR qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev ishtirok etdi.
2021-yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi bilan parallel ravishda oʻtkaziladigan Oziq-ovqat tizimlari boʻyicha BMT Sammitiga tayyorgarlik doirasidagi birinchi Milliy dialogga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tashkilotchilik qildi.
Birinchi Milliy dialog oʻtkazilishi munosabati bilan 2021-yil 26-mayda Toshkentda boʻlib oʻtgan tadbirda manfaatdor vazirlik va idoralar hamda xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
«Barchangizga maʼlum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibi Antoniu Guterrish tomonidan 2021-yilda Global Oziq-ovqat Sammitini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur tashabbus birinchilardan boʻlib BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi, — deya taʼkidladi, tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining Agrar sohani jadal raqamlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Qahramon Yoʻldoshev. — Bugungi kunda butun dunyoda global ahamiyatga ega boʻlgan iqlim oʻzgarishi va soʻnggi ikki yil ichidagi pandemiya sharoiti aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash har bir davlat uchun muhim strategik masala ekanligini koʻrsatdi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi barcha davlatlar qatori Oʻzbekiston Respublikasining mustaqil iqtisodiyotini, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrinni egallaydi. Yurtimizda ushbu muammo dolzarbligi sababli tashkiliy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy jihatdan zarur qarorlar qabul qilindi, ularning ijrosi boʻyicha izchil va tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan Strategiyasi” yer-suv resurslaridan samarali foydalanish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy qilinishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish uchun shaffof va jozibador muhitlarni yaratish, turli zamonaviy tuzilmalarni, jumladan, klasterlar va kooperatsiya tuzilmalarini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan hujjatlar sohani modernizatsiyalash hamda unda bozor tamoyillarini joriy qilishda muhim oʻrinni egallamoqda».
«Aʼzo davlatlar tomonidan oʻtkaziladigan va bugunga oʻxshash dialoglar 2021-yilgi Oziq-ovqat Sammiti jarayonining asosiy tarkibi va barcha manfaatdor tomonlarni jalb etishning samarali formati sanaladi: yaʼni bular qonun chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, fermerlar assotsiatsiyalari, xususiy sektor va isteʼmolchilar, — deya soʻz oldi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer. — Har bir inson sogʻlom va barqaror kurrai zaminimizni oʻzgartirish sari qaratilgan oziq-ovqat tizimlaridagi xatti-harakatlarini qayta koʻrib chiqishi kerak. Sammit ishiga munosib hissa qoʻshish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan vakolatli organ sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, BMTning Taraqqiyot Dasturi va FAO koʻmagida Nukus va Namangan shaharlarida oziq-ovqat tizimlari boʻyicha bir qator milliy dialoglar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu dialoglardan maqsad, barqaror oziq-ovqat tizimlarini taʼminlashga qaratilgan milliy strategiyani shakllantirishdir».
“Agrar sektorda samaradorlikni oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish majburiyatini olgan Oʻzbekiston Hukumati saʼy-harakatlarga mos ravishda, BMTning Taraqqiyot Dasturi ham bir qator ustuvor vazifalarni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Yangi texnologiyalar, «yashil” moliyalashtirishni ilgari surish, munosib sharoitlarni yaratish, butun qishloq xoʻjaligi ekinlarining asosiy taʼminotchisi boʻlgan suv resurslarini boshqarish kabi masalalarga alohida eʼtibor beradi», — dedi tadbir chogʻida BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.
Mintaqaviy va milliy muloqotlar natijalari Oziq-ovqat tizimlari boʻyicha BMT Global Sammitining hisobotiga kiritiladi.
Aleksandr Zotov