Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda O'zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanmaganligining qabul qilish o'lchamlarini (The Food Insecurity Experience Scale – FIES) joriy qilish bo'yicha seminar tashkil etdi.
FIES odamlarning oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq tajribasini baholash uchun global standartdir. Seminarda ochlik va oziq-ovqat xavfsizligini baholash ushbu muammolarni hal qilish siyosatini ishlab chiqish va monitoring qilish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
— Oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanmaganligining qabul qilish o'lchamlari odamlarning oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini baholash uchun ishonchli ko'rsatkichdir, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sherzod Umarov. — Ushbu tadqiqot oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishning boshqa ko'rsatkichlariga qaraganda ancha tejamkor va milliy uy xo'jaliklari uchun foydalaniladigan so'rovnomalarga kiritish osonroq, deb hisoblanadi.
Eslatib o'tamiz, FAO BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning 21 ko'rsatkichi, shu jumladan, 2.1.2 Oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanmaganligini qabul qilish darajasi asosida aholini oziq-ovqat xavfsizligining o'rtacha yoki og'ir darajasi ko'rsatkichi bo'yicha ham mas'ul agentligi hisoblanadi. Darhaqiqat, Barqaror rivojlanish maqsadlarining muvaffaqiyati ko'p jihatdan samarali monitoring va kuzatuvga bog'liq.
Seminar davomida mutaxassislar FIES moduli asosida 2021-yil iyul—dekabr oylari uchun O'zbekistondagi uy xo'jaliklarining tanlanma so'rovi natijalarining batafsil tahlilini taqdim etdilar. Bundan tashqari, 2022-yilda uy xo'jaliklari holatini o'rganish jarayonlarida FIES modulini yana tadbiq etish masalalari muhokama qilindi.