Tomonlar Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hamda O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Tosiaki Endo O‘zbekiston tomonini Tokio-2020 olimpiadasida taekvondo bo‘yicha qo‘lga kiritilgan birinchi oltin medal bilan samimiy tabrikladi. U o‘zbekistonlik sportchilarning barcha sport turlari, ayniqsa boks va dzyu-do bo‘yicha jismoniy tayyorgarligini yuqori baholab, delegatsiyamizning Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtiroki uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston tomoni bilan sport va sport ta’limini hamda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini rivojlantirish, shuningdek O‘zbekistonda zarur sport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekistonga Paralimpiya harakatini rivojlantirish maqsadida yaponiyalik mutaxassislarni jalb qilish hamda Yaponiya tajribasidan kelib chiqib, yurtimizda sport inshootlarini barpo etishda hamkorlik qilishga oid kelishuvga erishildi.

Yakunda, Yaponiya tomoni hamkorlik ko‘lamini kengaytirishda O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga tayyor ekanini ta’kidladi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.