Paxta toʻqimachilik sanoatiga “Better Work” va “Better Cotton” standartlari tatbiq etiladi

    Biznes 31 May 2023 1871

    Poytaxtimizda “Toʻqimachilik haftaligi” doirasida “Toʻqimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlik” mavzusida forum tashkil etildi.

    Unda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, yirik xalqaro kompaniyalar va xorijiy davlatlarning ish beruvchilar konfederatsiyalari, Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

    Anjumanda toʻqimachilik sanoati korxonalarining ijtimoiy masʼuliyati, jumladan, ishchilar huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Senat Raisi oʻz soʻzida kuchli siyosiy iroda tufayli Oʻzbekistonda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilingani, fuqarolik jamiyati vakillari va xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlab oʻtdi.

    Anjuman doirasida ishchilar huquqlarini himoya qilish, biznesning ijtimoiy masʼuliyati va atrof-muhitning barqarorligini taʼminlash, toʻqimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish va uning mamlakatning iqtisodiy oʻsishi va barqaror rivojlanishiga taʼsiri masalalari muhokama etildi.

    Konferensiyada Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro Moliya Korporatsiyasining tikuvchilik sanoatida munosib mehnat standartlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Better Work” qoʻshma dasturini Oʻzbekistonda tatbiq etish boʻyicha loyihaga start berildi.

    Shuningdek, Konferensiyada Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, “Better Cotton Initiative” dasturlari vakili Reychel Bekket va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Xaydarov oʻrtasida “Better Cotton” hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi oʻrtasida 2023-2024-yillarda Barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlikdagi tadbirlar rejasi” yaʼni, yoʻl xaritasi imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Taʼkidlash lozim, “Better work” hamda “Better Cotton Initiative” qoʻshma dasturining Oʻzbekistonda amalga oshirilishi tikuv-toʻqimachilik sanoatiga zamonaviy, energiya tejovchi texnologiyalarni keng tatbiq etish, ishlab chiqarishning ekologiyaga taʼsirini kamaytirish bilan birga, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston paxta toʻqimachilik sanoatida investitsion muhitni yaxshilash, sohaga dunyo toʻqimachilik sanoatida tan olingan brendlarning kirib kelishiga, eng asosiysi koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga imkon yaratadi.