Oʻzbekistonda poliomiyelit va oʻtkir shol falajining (OʻSHF) faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xabarida aytilmoqda.
Xabarda aytilishicha, Oʻzbekistonda poliomiyelit kasalligi uchramaydi, lekin chet davlatlardan kirib kelgan shaxslar mahalliy aholiga yuqtirishi mumkin. Shu kunlarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti qoʻshni Tojikistonda poliomiyelit epidemiyasi boshlanganligi haqida xabar berdi. Vaziyat favqulodda holat deb tasniflanib, murakkabligi ikkinchi darajali ekanligi aytilmoqda. Poliomiyelit Afgʻonistonda ham qayd etilmoqda.
Oʻtkir paralitik falajni nazorat qilish boʻyicha epidemiologik vaziyatni oʻrganish uchun Sanitariya xizmati mutaxassislari Tojikiston va Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan Surxondaryo viloyatiga safar uyushtirdi. Shuningdek, davlat chegarasining sanitariya nazorati punktlarida (SNP) va davolash-profilaktika muassasalarida oʻtkir shol falajining faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirishni tashkil etish va 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni emlashga tayyorlash boʻyicha amaliy va maslahat yordami koʻrsatilgan.
Surxondaryo viloyati hududida yovvoyi poliovirusning 2-turi tarqalishining oldini olish maqsadida 10−20-mart kunlari 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida ommaviy emlash oʻtkazilgan.
Poliomiyelit nima?
JSST maʼlumotlariga koʻra, poliomiyelit yuqori infeksiyali kasallik boʻlib, uni viruslar chaqiradi. Kasallik asab tizimini shikastlaydi bir necha soatlarda umumiy falajlikka olib kelishi mumkin. Poliomiyelit asosan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni
Virus ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari va suv orqali oʻtadi, ichakda koʻpayadi va u yerdan asab tizimiga oʻtishi mumkin. Zararlanganlarning koʻpida kasallik alomatlari boʻlmaydi, lekin axlat chiqarganda virusni ham chiqaradi va shu orqali virusni boshqa odamlarga uzatishi mumkin.
Zararlanishning har 200 ta holatidan birida umrbod falajlik (asosan oyoqlarda) yuzaga keladi. Birinchi alomatlar — isitma, toliqish, bosh ogʻrigʻi, qayd qilish, oyoq-qoʻllardagi ogʻriqlar, boʻyin qotib qolishi.
Poliomiyelit davolanmaydi, uning oldini faqat emlash bilan olish mumkin. Bir necha marotaba yuborilgan vaksina bolani deyarli butun umri davomida himoya qiladi.