2025-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, ushbu xizmatdan foydalanuvchilar soni 149 465 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Kredit-axborot tahlil markazi (KATM) kredit byurosi oʻzining Telegram-kanalida maʼlum qildi.
Gender kesimida xizmatdan foydalanuvchilar orasida erkaklar ustunlik qiladi — 101,4 ming, ayollar esa 47,9 ming kishini tashkil etadi.
Yosh boʻyicha eng faollar 26–35 yoshdagilar boʻlib, ular barcha foydalanuvchilarning uchdan birini tashkil etadi. Keyingi oʻrinlarda 36–45 yoshdagilar (25,6%) va 26 yoshgacha boʻlganlar (19,2%) turadi.
Xizmat 6-iyundan ishga tushirilgan. Ilk ikki oyda qariyb 73 ming kishi kredit olishni taqiqlash imkoniyatidan foydalangan. Iyun oyida 33,1 ming, iyulda 37,6 ming, avgustda 37,8 ming va sentyabrda 40,8 ming kishi xizmatdan foydalangan. KATM oktyabr oyi maʼlumotlarini hali eʼlon qilmadi.
“Kreditga taqiq” xizmati orqali har bir shaxs kredit byurosiga ariza berib, unga kredit yoki qarz berishni taqiqlash imkoniyatiga ega.








