Qirgʻizistonda 43 yoshli chet el fuqarosi qoʻlga olindi. U xalqaro qidiruvda boʻlgan va Oʻzbekiston hududida qotillikda gumonlanmoqda. Bu haqda Qirgʻiziston IIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Militsiyaga Chuy viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro “Hizb ut-Tahrir al-Islomiy”* diniy ekstremistik guruhining faol aʼzosi boʻla turib, ushbu tashkilot gʻoyalarini targʻib etayotgani haqida maʼlumot kelib tushgan. Tekshiruv natijasida bu maʼlumot tasdiqlangan.
“D.R. ismli erkak Qirgʻizistonga Oʻzbekistondan kelgan. U respublika hududida soxta pasport bilan boʻlgan. Shuningdek, D.R. Oʻzbekiston hududida 1995-yilda qotillik sodir etganlik gumoni bilan xalqaro qidiruvda boʻlgani aniqlangan”, - deyilgan xabarda.
Hozirda u hibsga olingan. Qirgʻiziston JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.