Qaror bilan obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha maʼmuriy reglament tasdiqlandi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilishda obyektning mustahkamligi, xavfsizligi, sifati, zilzilabardoshligi va foydalanishda ishonchliligini taʼminlash boʻyicha majburiy talablar belgilangan huquqiy-normativ hujjatlar va texnik tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan davlat qurilish nazoratini amalga oshirish huquqiga ega.

Respublika hududida qurilish-montaj ishlarini boshlash toʻgʻrisida xabarnoma yuborish talab etiladigan qurilish va rekonstruksiya obyektlari davlat tomonidan majburiy tartibda davlat qurilish nazoratiga olinadi.

Davlat qurilish nazorati qonuniylik, xolislik, oshkoralik, shaffoflik, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, shaharsozlik faoliyati subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmaslik prinsiplariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Davlat qurilish nazorati subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda quyidagi turlarga boʻlinadi:

  • hududiy inspeksiyalar roʻyxatdan oʻtmagan obyektlarda qisqa muddatli inspektorlik nazorati — belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni (keyingi oʻrinda — vakolatli organ) xabardor qilgan holda amalga oshiriladi;
  • hududiy inspeksiyalarda roʻyxatlan oʻtgan obyektlarda davlat qurilish nazorati — vakolatli organni xabardor qilmagan holda toʻsqinliklarsiz obyektlarning murakkablik toifalari tasnifiga asosan tanlab amalga oshiriladi;
  • arxitektura, loyihalash va bosh rejalarga rioya etilishi yuzasidan amalga oshiriladigan davlat qurilish nazorati.