O'zbekistonda rasmiylashtirilgan hujjatlar Rossiya hududida qanday ahamiyat kasb etadi?

    O'zbekistonning Ekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi vakili amaliy safar bilan Kurgan viloyatida bo'ldi.

    Safardan ko'zlangan maqsad xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston fuqarolarini huquqiy himoya qilish ko'lamini oshirish, ish joylaridagi muammolarni o'rganish va vatandoshlarni O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat edi.

    Kurgan viloyatida vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlar bilan kechgan muloqot chog'ida mehnat migrantlariga konsullik-huquqiy maslahatlar, jumladan, pasport rasmiylashtirish, O'zbekistonda rasmiylashtirilgan hujjatlarning Rossiya hududida amal qilishi, kelgusida farzandlarini oliy ta'lim muassasalarida o'qitish va boshqa masalalarda tegishli tushuntirishlar berildi.

    Shu o'rinda xorijda bo'lib turgan hamyurtlarimizning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, turmush sharoitlarini yaxshilash bo'yicha mamlakatimiz rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan qarorlarga alohida e'tibor qaratildi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Kurgan viloyatida vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan “O'zbek milliy markazi” faoliyati tahlil etilgani holda muhokamalar natijasi o'laroq markazga yangi rais saylandi. Kelgusida vatandoshlar, xususan, migrantlar bilan yaqindan ishlash bo'yicha aniq vazifalar belgilab olindi.