Mamlakatimizga "Revo-i" rusumli robot-xirurg olib kelingani haqida xabar bergan edik. 

Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda noyob bo'lgan ushbu innovatsion texnologiya orqali sanoqli kunlar ichida 8 nafar bemorda murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Xususun, robot-jarroh yordamida og'ir xastalikdan shifo topgan ana shu yurtdoshlarimiz hozir qisqa muddatli muolajalarni tugallab, o'z uylariga qaytgan.

Qamashilik  Yunus Xolboev — ulardan biri. Aprel oyida bemorda saratonning xavfli turlaridan biri aniqlangandi. Tegishli muolajalardan so'ng mutaxassislar operatsiya o'tkazish oxirgi chora ekanini ma'lum qilishdi. Robot-xirurg orqali bajariladigan operatsiya taklif qilingach, bemor ancha xavotirga tushganini aytadi:

—   O'zbekistonda robot operatsiya qilgan birinchi bemor bo'lishimni eshitganimda biroz qo'rquv ham bo'ldi. Lekin uning boshqaruvi malakali shifokorlar qo'lida ekanini bilib, mutaxassislarimiz tajribasiga ishondim va amaliyotga rozi bo'ldim. Ikki soatda hammasi o'tib ketdi. Hozir esa uyga ketish taraddudidaman.  — deydi hamyurtimiz. 

Robot “qo'l”laridan shifo topgan yana bir bemor — Muhabbat Shomansurova. 58 yoshli hamyurtimiz buyragidagi o'simta sabab shifoxonaga murojaat qilgach, unga ham robot-xirurg xizmati taklif qilindi. Kesishlarsiz, kam org'iqli va natijasi odatiy operatsiyalardan ko'ra yuqori bo'lishi kutilgan amaliyotga bemor rozi bo'ladi. Operatsiyadan ikki kun o'tgach, Muhabbat opa oilasi bag'riga sog'lom qaytdi.

Odatda buyrak saratoni aniqlangan bemorlarda o'tkaziladigan operatsiyalar yirik kesishlar bilan amalga oshirilar, og'ir holatlarda esa bemorning buyragi olib tashlanar, operatsiyalar muvaffaqiyatli o'tgan holatda ham, choklar ehtiyot qilinmasa, jarohat yiringlashi xavfi bo'lardi. "Revo-i" robot tizimi orqali esa buyrak ichiga kirib borilib, bir necha santimetrlik o'sma aniqlik bilan olib tashlandi. 

Robot-xirurg orqali qilingan onkologik amaliyotlar yana qayta paydo bo'lmasligi uchun o'simtani butunlay olib tashlashi, asab tugunlari va boshqa muhim organlarga ta'sir qilmasligi, minimal qon yo'qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog'ayib ketishini tezlashtirishi bilan bebaho ahamiyatga ega. Bu haqida Sog'liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.