Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 25-iyul kuni soat 15:47 da havo harorati +39,7 darajada (Toshkent shahrida) Oʻzbekiston energotizimida isteʼmol quvvati 11 822 MVtni tashkil qildi.
Mazkur koʻrsatkich yoz davri uchun tarixdagi absolyut rekord boʻlib, 2023-yil 28-iyulda (+40 daraja) qayd etilgan eng yuqori isteʼmolga nisbatan 343 MVt koʻp boʻldi.
Shuningdek, 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 253,3 mln kVt•soatni tashkil etib, 2023-yil 28-iyul kungi yozgi maksimal isteʼmoldan 0,9 mln kVt•soat koʻp boʻldi.
Toshkent shahrida 26-iyul kuni absolyut tarixiy rekord isteʼmol quvvati soat 14:27 da kuzatilib, 1705 MVtni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilgi 27-iyul (+40,1 daraja) kunida kuzatilgan maksimal isteʼmolga nisbatan 97 MVt koʻpdir.
Anomal harorat fonida havo va kabel elektr uzatish liniyalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati pasayishi sababli poytaxtning alohida elektr tarmoq xoʻjalik obyektlarida (soat 11:00 dan soat 17:00 gacha) oʻta kuchli yuklanishlar qayd etildi.
Mazkur holat tizimli avariyalarning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik va poytaxt isteʼmolchilarning tartibsiz ommaviy uzilishlarini oldini olish maqsadida, Toshkent shahar isteʼmolchilariga qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar kiritishni talab etdi.
Isteʼmolchilardan tarmoqda keng koʻlamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga toʻgʻri keladigan bunday zaruriy choralar bugun oʻta muhim ekanligini toʻgʻri tushunishlarini soʻraymiz.
Qatʼiy tejamkorlikka amal qilib, zarurat boʻlmagan hollarda elektr asboblaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlarning sodir boʻlishini oldini olishga katta hissa qoʻshamiz.
Taʼkidlash oʻrinliki, ayni paytda kunduzgi soatlarda energotizimda jami 1300 MVt zaxira quvvatlari mavjud boʻlib, energotizim isteʼmol talabining qariyb 1900 MVt qismi yoki 16 foizi quyosh fotoelektr stansiyalari hisobidan qoplanmoqda. Natijada soatiga 590 ming kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishilyapti.
Shuni qayd etish kerakki, anomal issiq sharoitida ayrim tarmoqlarda yuz berayotgan avariyalar hududlarda tashkil etilgan maxsus brigadalar tomonidan kechiktirmasdan bartaraf etilmoqda. 1154 qisqa raqamiga aholi tomonidan boʻladigan murojaatlarga tezkor javob berish maqsadida esa qoʻshimcha xodimlar jalb qilingan.