Oʻzbekistonda soʻnggi oʻn yil ichida bolalar nikohi sezilarli kamaygan — Bolalar Ombudsmani

    Maʼlumotlarga koʻra, Yevrosiyoda bolalar nikohining eng past koʻrsatkichi Oʻzbekistonda boʻlsa (3,4), eng yuqori koʻrsatgich Gruziya va Qirgʻizistonda.

    Bolalar Ombudsmanining xabar berishicha, “Equality Now” xalqaro inson huquqlari tashkiloti tomonidan olib borilgan tadqiqotda Yevrosiyoning 7 ta davlati: Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekistondagi bolalar nikohi, erta nikoh va majburiy nikoh muammosi har tomonlama tahlil qilingan. U inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurashish uchun asosiy sabablar, oqibatlar, huquqiy va siyosiy asoslar va ehtimoliy aralashuv strategiyalarini oʻrganadi.

    Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab, erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan.

    Umumiy holatni taqqoslash uchun taʼkidlash joizki, 2018-yilda Respublika boʻylab 5123 ta erta nikoh holati qayd etilgan boʻlsa, 2023-yilga kelib, erta nikohlar soni faqat 42 tanigina tashkil etgan.