Oʻzbekistonda Sunʼiy intellekt hamjamiyati tashkil etildi

    Keyingi avlod 30 Dekabr 2020 1825

    Bugungi axborot asrida dunyoda sunʼiy intellektga talab ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. Sunʼiy intellekt orqali tibbiyot, taʼlim, energetika, qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va boshqa koʻplab muhim sohalarda sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyatlari amalga oshiriladi.

    Ayrim davlatlarda robot-hamshiralar, haydovchisiz transport vositalari, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Pandemiya davrida yesa bunday ixtirolar oʻz samarasini berdi.

    Yurtimizda ham soʻnggi yillarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, soha va tarmoqlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, “aqlli dasturlar”ning qoʻllanish sohasini kengaytirish boʻyicha davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani sir emas.

    Ushbu tashabbuslarning yana bir amaliy isboti sifatida Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va Loyihalar boshqaruvi markazi hamkorligida Oʻzbekistonda Sunʼiy intellekt hamjamiyati tashkil etildi. Sunʼiy intellekt imkoniyatlarini muhokama qilish, loyihalar yaratish va uni rivojlantirish boʻyicha ish olib boruvchi hamjamiyatning tashabbuskori yosh startapchi Ulugʻbek Ismatov boʻlib, uning fikricha, xalqaro bozorda sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar va loyihalarga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Bu yoʻnalishda Oʻzbekistonda ham loyihalar koʻp. Ushbu hamjamiyat esa yurtimizdagi ana shunday sunʼiy intellektlarni turli sohalarda tatbiq etish va ularni xalqaro bozorga olib chiqishga koʻmaklashishni maqsad qilgan.