O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari doirasida bir qator tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, madaniyat kunlari doirasida o‘zbek va tojik xalqlarining boy madaniy merosini namoyish etishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etiladi.

Xususan, “Navro‘zi olam – birlik rishtasi” nomli uch avlod uchrashuvi va davra suhbatlari o‘tkaziladi. “Tojik kino kunlari” doirasida Tojikiston kinematografiyasining badiiy filmlari: “Qarmoqqa baliq”, “Haqiqatni izlab”, “Hayot go‘zal”, “Jo‘ra Sargor” kabi filmlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida “Do‘stlik kechasi” gala-konsert dasturi, Tojikiston ijodiy jamoalarining konsert chiqishlari, tasviriy san’at ko‘rgazmalari hamda teatr jamoalarining sahna asarlari namoyishi rejalashtirilgan.

Madaniyat kunlari doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Tojikiston Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik bo‘yicha Tadbirlar rejasi” loyihasining imzolanishi rejalashtirilmoqda. Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni izchil va tizimli asosda davom ettirish, madaniyat, san’at, kinematografiya, muzeylar, teatr va ijodiy almashinuv sohalarida amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Bugun, 23-mart kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Navro‘zi olam – birlik rishtasi” nomli uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir mamlakatimizda o‘tkaziladigan “Tojikiston madaniyati va kino kunlari” doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri – Ozodbek Nazarbekov, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri – Matlubaxon Sattoriyon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi – Sirojiddin Sayyid, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi – Nizom Qosim hamda ikki mamlakatning taniqli adiblari, yosh ijodkorlar, adabiyotshunos olimlari ishtirok etib, milliy adabiyotning bugungi rivoji, an’ana va zamonaviylik uyg‘unligi, yosh avlod tarbiyasida badiiy so‘zning o‘rni kabi dolzarb mavzularda muloqot qilindi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushtirilgan muloqot mazkur tadbirlarning birinchisi hisoblanadi. Adabiy muloqot munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasi foyesida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” nomli fotosuratlar va kitoblar ko‘rgazmasi ham ochildi.

Uchrashuv davomida ikki xalqning milliy kuy-qo‘shiqlaridan namunalar kuylandi.

Uchrashuv yakunida Sirojiddin Sayyid tojikistonlik adib Ne’mat Mamasaidovga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomasini, mehmonlarga kitoblar, esdalik sovg‘alari topshirdi.

Joriy yilning 23–29-mart kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” doirasida o‘zbek va tojik san’at ustalarining “Do‘stlik kechasi” nomli gala-konsert dasturi, Samarqand shahrida Tojikiston ijodiy jamoalarining konsert dasturlari, shuningdek “Tojik kinosi kunlari” tadbirlari, O‘zbekiston davlat san’at galereyasida Tojikiston rangtasvir san’ati ustalarining asarlaridan iborat ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.