“Avtoyoʻlinvest” agentligi direktori oʻrinbosari Asliddin Isayev “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Toshkent–Samarqand pulli avtomagistrali loyihasi tafsilotlari bilan oʻrtoqlashdi.
Uning aytishicha, mazkur loyihaning umumiy qiymati 2,25 milliard dollarga baholanmoqda. Yoʻl qurilishi doirasida 140 kilometr hududda tuproqni mustahkamlash, 7,2 kilometrda tosh-shagʻalli ustunlar bilan mustahkamlash, 132,8 kilometrda esa boʻsh tuproqni qum-shagʻal aralashmasi bilan almashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida 12 ta transport bogʻlamasi, 60 ta tunnel tipidagi oʻtish joyi, 91 ta koʻprik, 16 ta yoʻl oʻtkazgich va 258 ta suv oʻtkazish quvuri qurilishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari yakunlangach, poytaxtdan Samarqandgacha boʻlgan masofani bosib oʻtish vaqti 2–2,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Isayevning taʼkidlashicha, loyiha boʻyicha yirik investor-kompaniyalar bilan muzokaralar yakunlangan va hozirda moliyalashtirish shartlari boʻyicha shartnoma oldi muhokamalari olib borilmoqda.
— Yaqin vaqt ichida amaliy qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Loyihaga Xitoyning yirik investorlari, jumladan dunyoning top-100 taligiga kiruvchi kompaniyalar qiziqish bildirmoqda, — dedi u.
Maʼlum qilinishicha, pulli avtomagistralda 12 ta kirish va chiqish punkti boʻladi. Yoʻl toʻliq raqamlashtirilib, kechayu kunduz ishlaydigan intellektual transport tizimlari bilan jihozlanadi.
Trassa Toshkent shahri Sergeli tumanidagi katta halqa yoʻlidan boshlanib, Samarqand viloyatida tugaydi va mavjud avtomobil yoʻliga parallel ravishda oʻtkaziladi.
Shuningdek, mamlakatda Toshkent–Andijon va Toshkent–Chorvoq yoʻnalishlarida ham pulli avtomagistrallar qurilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, umumiy uzunligi 314 kilometr boʻlgan Toshkent–Andijon yoʻli qurilishi natijasida vodiyga borish vaqti hozirgi 5–6 soatdan taxminan 2–2,5 soatgacha qisqarishi mumkin.
Toshkent–Chorvoq yoʻnalishidagi pulli yoʻl esa 52 kilometrni tashkil etib, qurilish yakunlangach harakat vaqti 80 daqiqadan 35 daqiqagacha kamayishi kutilmoqda. Bu esa hududdagi transport tirbandliklarini kamaytirish va turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlanmoqda.
Pulli avtomagistrallar qurilishini besh yil ichida yakunlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, trassalar loyiha toʻliq tugallanishini kutmasdan, bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilishi ham mumkin.