Uchrashuvda mamlakatimiz ichki va xalqaro turizm sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, koʻrsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytirish bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama etildi.

Mamlakatimiz turizm industriyasi vakillari uchrashuvda oʻz faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar va ularning yechimi yuzasidan Transport vazirligi tizim tashkilotlari rahbarlari bilan fikr almashishdi.

Xususan, har bir viloyat kesimida mavjud turistik obyektlarga olib boruvchi yoʻllarning holati hamda yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarining ahvoli, transport qatnovlari va logistika bilan bogʻliq masalalar, mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda bajarilayotgan aviaqatnovlar muntazamligini taʼminlash, transport va transport infratuzilma obyektlarida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar malakasini oshirish, sohada raqamli texnologiyalar va xizmatlar turlarini koʻpaytirish bilan bogʻliq jihatlar muhokamalar markazida boʻldi.

Uchrashuvda koʻtarilgan masalalarni hal etish yuzasidan Transport vazirining logistika va turizmni rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi boshchiligida ishchi guruhini tashkil etish va oʻzaro hamkorlikda ishlarni muvofiqlashtirib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.