Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi oʻqishda koʻrib chiqildi va Senatga yuborildi.
Ushbu qonun loyihasida “avtomobil yoʻllarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etish, yoʻl infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning oʻsib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yoʻllarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish hamda piyodalar uchun toʻsiqsiz muhitni yaratish boʻyicha qatʼiy talablar oʻrnatilyapti.
Loyihada kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yoʻllarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti ham kiritilyapti. Yoʻllarda katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinyapti. Qolaversa, ajratilgan va yoʻl boʻyi mintaqalarida xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan pulli yoʻllar tarmogʻini barpo etishning huquqiy asoslari ham yaratilyapti. Pulli avtomobil yoʻllarini qurishga faqatgina muqobil bepul harakatlanish yoʻli mavjud boʻlgandagina ruxsat berilishi taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov miqdori avtomobil yoʻllari foydalanuvchilarining ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini hisobga olgan holda, iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan boʻlishi lozimligi nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar yoʻl sifatini yaxshilash orqali mavjud avtomobil yoʻllari tarmogʻini uzoq vaqtgacha soz holda saqlab turish, pulli yoʻllar tarmogʻini barpo etish, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.








