Oʻzbekistonda UnionPay-HUMO kobeydjing kartalari ishga tushiriladi

    Moliya 29 Fevral 2024 1191

    “HUMO” milliy toʻlov tizimi “Union Pay-HUMO” kobeydjing kartalarini ishga tushirilishini maʼlum qildi. Bu haqda toʻlov tizimi matbuot xizmati xabar berdi.

    Xabarda aytilishicha, bugun, 28-fevralda Xitoyning Shanxay shahrida “UnionPay International” kompaniyasi ijrochi direktori Van Lisin hamda Milliy banklararo protsessing markazi (HUMO toʻlov tizimi) Bosh direktori Shuhrat Kurbanov ikki kompaniya oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi. Memorandumga koʻra, tomonlar Oʻzbekistonda naqd pulsiz toʻlovlar bozorini birgalikda rivojlantirish va Oʻzbekistonda “Union Pay-HUMO” kobeydjing kartasini ishga tushirishga kelishib oldi.

    Ushbu qadam Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham kundalik hayotda, ham xorijiy davlatlarga, jumladan, Xitoyga sayohat qilishda keng toʻlov imkoniyatlarini taqdim etadi.

    Hozirgi paytda UnionPayʼning 230 milliondan ortiq kartalari 81 ta mamlakatda emissiya qilingan. Tizimning toʻlovlarni qabul qilish tarmogʻi 183 mamlakatda qariyb 67 million onlayn va oflayn savdo/xizmat koʻrsatish nuqtalari qamrab olgan va 1,7 million bankomat bilan taʼminlagan.

    HUMO milliy toʻlov tizimining 23 milliondan ortiq kartalari muomalada boʻlib, respublika boʻyicha 200 mingdan ortiq terminallarda toʻlovlarni amalga oshirish, shuningdek, 12 mingdan ortiq bankomatlardan naqd pul yechib olish imkoniyati mavjud, deb xabar beradi Bankers.uz.