Joriy yilning 26-fevral sanasida Malayziya isteʼmolchilar assotsiatsiyalari federatsiyasi (FOMCA), isteʼmolchilar shikoyatlari milliy markazi (NCCC), isteʼmolchilar ilmiy-resurs markazi (CPPC) va O‘zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur anglashuv tadbirida O‘zbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Karomidin Gadoyev ham ishtirok etdi.
Ushbu anglashuvdan ko`zlangan asosiy maqsad isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek tomonlarning tegishli milliy qonunlari va qoidalariga muvofiq ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Tomonlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning muhim masalalari bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldi:
* isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunlar va chora-tadbirlar bo‘yicha tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish;
* fuqarolarning tegishli huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy tajribalar almashish;
* xalqaro ommaviy tadbirlarda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va treninglar o‘tkazish;
* isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tajribalarni almashish.
Kelishuv doirasida qo‘shma loyihalar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilishiga kelishib olindi:
* axborot va tadqiqot almashish;
* isteʼmolchi va treyderga transchegaraviy operatsiyalarda o‘z nizolarini o‘zaro maqbul hal etishga yordam berish.
* qo‘shma loyiha va dasturlarni ishlab chiqish;
* ekspertlar va delegatsiyalar almashinuvi;
* uchrashuvlar, konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlarni tashkil etish.
Bu o`z navbatida ikki davlat hamkorligida transchegaraviy murojaatlarni ham ko`rib chiqishni anglatadi. Masalan, Malayziyaga o`qish, davolanish va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish maqsadida O‘zbekistondan tashrif buyirgan fuqaroning iste`molchi sifatidagi huquqlari buzilgan taqdirda Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki rasmiy sayti orqali qoldirgan onlayn murojaatiga asosan mutaxassislar Malayziyadagi tegishli hamkorlar bilan bog`lanib vaziyat tezda o`rganiladi.
Muxtasar qilib aytganda, ushbu memorandum ikki davlat fuqarolarining isteʼmolchi sifatidagi huquqlari to‘liq himoyalanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018-yilda Xalqaro iste'molchilar tashkiloti (Consumers International) a'zoligiga qabul qilingan.