AOKAda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda bu haqda batafsil maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, insoniyat vodorod energetikasining afzalliklarini ancha oldin anglab yetgan, biroq yirik sanoat koʻlamida undan yoqilgʻi sifatida foydalanish yoʻlga qoʻyilmagan. Bunga sabab yer yuzida vodorod toza holda uchramaydi, kimyoviy birikmalardan ajratib olingan vodorod esa qazilma uglevodorodlardan ancha qimmat.
Qayta tiklanuvchan energiya manbalari qoʻllanilishining rivojlanishi “yashil vodorod” olish uchun sharoit yaratdi, yangi texnologiyalar rivojlanishi esa olinadigan vodorodning arzonlashib borishiga sabab boʻlmoqda. Bunda qayta tiklanuvchi manbalardan olingan energiya hisobiga elektroliz usuli bilan suvni parchalab olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori bilan Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini va Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Markaz va respublikaning boshqa ilmiy va oʻquv muassasalari olimlari tomonidan vodorod energetikasi yoʻnalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar vodorod ishlab chiqarish, saqlash, uzatish va undan energiya zahirasi sifatida foydalanish texnologiyalarini rivojlantirish, yangi texnologiyalar yaratishga yoʻnaltirilgan boʻlib, shu jarayonlarning arzonlashuviga olib kelishiga qaratilgan. Bunga hozirgacha vodorod texnologiyalarida qoʻllab kelinayotgan qimmatbaho va nodir materiallar oʻrniga arzon materiallardan foydalanish, yangi kashf etilgan qotishmalar yoki yangi strukturali moddalar (misol uchun, grafen), nanotexnologiyalardan foydalanish orqali erishish koʻzda tutilgan.
Hozirga qadar innovatsion rivojlanish vazirligi vodorod energetikasi texnologiyalari sohasini rivojlantirish maqsadida vodorod sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olim va mutaxassislarning xorijning yetakchi ilmiy muassasalarida stajirovka oʻtashini moliyalashtirmoqda. Institutining qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohalarida amaliy ishlanmalarni yaratishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish maqsadida vazirlik tomonidan 4 ta loyiha doirasida jami 1,78 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi. 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat texnika universitetining “Muqobil energiya manbalari (vodorod energetikasi)” mutaxassiligi qabul kvotasi oshirildi va 3-kursdan boshlab shu mutaxassislikning 10 tasini “Vodorod energetikasi” yoʻnalishiga ixtisoslashtirildi. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarida “yashil” vodorod texnologiyalarini joriy etish boʻyicha pilot loyihalarini amalga oshirish hamda tajriba-sinov qurilmalarini barpo etishga taʼsirchan imtiyozlarni joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
2022-yil 25-mayda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida vodorodni olish, saqlash va tashish texnologiyalarini yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi” Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Dasturga muvofiq, quyoshning mujassamlashgan yorugʻlik oqimining issiqligi taʼsirida va katalizatorlar yordamida vodorod olish texnologiyasi yaratiladi va uning asosida 1700 gradusgacha haroratda termokimyoviy usulda vodorod olish qurilmasining tajriba namunasi ishlab chiqiladi. Suvni elektroliz usulida parchalab, vodorod gazini ajratib olish jarayonida qoʻllaniladigan mahalliy xomashyodan katalizator turlari yaratiladi. Vodorod gazini saqlashga moʻljallangan mahalliy xomashyodan foydalangan holda metalgidridlar namunalari yaratiladi hamda ularda saqlanayotgan vodorodni ajratib olish va qoʻllash texnologiyasi ishlab chiqiladi. Ammiak va vodorodli yoqilgʻi elementlaridan foydalangan holda vodorod gazida harakatlanuvchi transport vositasining tajriba namunasi ishlab chiqiladi. «Yashil vodorod” yoqilgʻisidan issiqlik va elektr energiyasini olishga moʻljallangan tajriba-pilot qurilmasi yaratiladi. Vodorod energetikasi texnologiyalari sohasiga oid standartlar, reglamentlar, qoidalar ishlab chikish va ularni qoʻllash boʻyicha uslubiyotlar yaratiladi.