Respublikada 2,8 ming ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmi aynan shu korxonalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Korxonalarni boshqarishda davlat yaxshi menejer hisoblanmaydi. Ushbu korxonalarning koʻpchiligi samarasiz faoliyat koʻrsatadi, ular davlat uchun qoʻshimcha yuk boʻladi hamda ularga berilgan tarif, soliq va boshqa imtiyozlar sababli ushbu sohadagi raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Hozirda 541 ta davlat ishtirokidagi korxona aksiya paketlari va ulushlari sotilishi, ulardan 62 tasi boʻyicha xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish ishlarini xalqaro va mahalliy konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshirish belgilangan.
Asos - “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon.
Qolgan korxonalar esa yaqinda qabul qilinishi kutilayotgan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasi” asosida har yili tanqidiy tahlil qilinib, ularni sotish, tugatish yoki qayta tashkil etish boʻyicha takliflar kiritiladi.
Bugungi kunda baholangan qiymatda savdoga chiqarilgan 231 ta obyekt sotilmay qolmoqda. Ularning 71 tasi 6 oydan buyon, 47 tasi esa, 1 yildan ortiq muddatda savdoda turibdi.