Transport vazirligi huzuridagi fuqaro aviatsiyasi agentligining maʼlum qilishicha, fuqaro aviatsiyasida havo kemalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday faoliyatni amalga oshirish uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksi va Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida qonun talablariga muvofiq har qanday yuridik shaxs “Oʻzaviatsiya” agentligidan belgilangan tartibda havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olishi shart.
Faqatgina havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olgandan keyingina aviakompaniya maqomini olish mumkin va havo kemalarida havo tashuvlarini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.
Oʻzini “GAB Airlines” aviakompaniyasi deb atayotgan tashkilot bugungi kunga qadar “Oʻzaviatsiya” agentligiga havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olish uchun ariza va havo kemasini sotib olgani yoki ijaraga (lizingga) olgani haqidagi hujjatlarni taqdim etmagan.
Shunday qilib, ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonda “GAB Airlines” aviakompaniyasi tashkil etilgani haqida eʼlon qilinayotgan xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi, — deyiladi xabarda.