2024-yil 28-oktyabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Yaponiya davlat universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti, Sukuba universiteti rahbari Nagata Kyosuke boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida taʼlim hamda ilm-fan sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari yuqori baholandi. Shuningdek, ushbu sohalardagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qoʻngʻirotboy Sharipov va Nagata Kyosuke tomonidan Oʻzbekiston taʼlim tizimining rivojiga hissa qoʻshadigan yangi xalqaro universitetni tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, universitetni tashkil etish uchun zarur texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish maqsadida qoʻshma ishchi guruhni tuzishga kelishib oldilar.