Oʻzbekistonda yogani rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqiladi

    Xalqaro hamkorlik 20 Yanvar 2021 754

    Bugun, 20-yanvar kuni, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muhtor elchisi Manish Prabxat bilan uchrashdi.

    Uchrashuv boshida Jahongir Ortiqxoʻjayev va Manish Prabxat, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan oʻtkazilgan onlayn-sammitda qabul qilingan ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam hamkorlik haqidagi qoʻshma bayoniga muvofiq ishlash niyatini maʼlum qildilar.

    Toshkent hokimi Hindiston bilan aloqalar rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilib, ikkita yirik investitsion loyihalar – Sergeli va Bektemir tumanlaridagi Minerva Smart City loyihalarini yod etdi. Shuningdek, Amiti universitetining yaqinda ochilgan filiali yoshlar orasida talabga egaligini taʼkidladi. Ikkala taraf Oʻzbekistonda yogani ommalashtirishga boʻlgan qiziqishni qayd etdi. Hind tarafi ushbu qadimgi shifobaxsh amaliyot boʻyicha murabbiylarni taʼminlash taklifi bilan chiqdi, Jahongir Ortiqxoʻjayev takliflarni koʻrib chiqib, Federatsiya boshqaruvi bilan Oʻzbekistonda yogani rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqishni vaʼda qildi.

    Soʻngra janob Prabxat hindistonlik tadbirkorlarning Toshkent bilan hamkorlikka boʻlgan qiziqishi oʻsib borayotganini va bizning bozorga kirish uchun hamkorlar saralanayotganini maʼlum qildi. Taraflar xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga va investitsiyalarni jalb qilishga kelishib oldilar.

    Shuningdek, Prabxat Hindiston davlat arbobi Laʼl Bahodur Shastri xotirasiga boʻlgan eʼtibor uchun hokimga minnatdorlik bildirdi va ikki davlat jamoatchiligi vakillari uning haykali poyiga gullar qoʻyishdi. Oʻz navbatida, Jahongir Ortiqxoʻjayev iyulda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Xalqlar doʻstligi festivali haqida maʼlumot berib, madaniy va sport tadbirlarida ishtirok etishni taklif qildi. Mazkur taklif minnatdorlik bilan qabul qilindi.