Vazir oʻtkir virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni samarali davolash boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
Kuz-qish mavsumi odatda gripp va oʻtkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr hisoblanadi. Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yoʻllari yuqumli kasalliklariga chalinish koʻrsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi.
Shu bois butun dunyoda boʻlgani kabi bu yil ham yurtimizda yosh oʻgʻil-qizlar orasida oʻtkir respirator kasalliklarning davriy koʻtarilishi kuzatilmoqda.
Ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga toʻgʻri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgani kuzatilmoqda.
Shu bois ehtiyot chorasi sifatida vazirlik mazkur holatni oʻz nazoratiga olgan.
Biroq shunga qaramasdan mavsumiy yuqumli kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonlarini samarali tashkil etish hamda oʻtkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bogʻliq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Shu sababli bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov mazkur masala yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Unda Toshkent shahridagi barcha klinik shifoxonalar rahbarlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi vakillari hamda tez tibbiy yordam xizmati masʼullari ishtirok etdi.
Yigʻilishda dastlab:
bugungi kunda poytaxtimizdagi bolalar klinik shifoxonalaridagi holat;
bemorlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha yaratilgan sharoitlar;
aholiga koʻrsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati xususida batafsil maʼlumot berildi.
Shundan soʻng vazir bu boradagi ishlar yetarli emasligini taʼkidlab, shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni tezda kamaytirish, bemor bolalarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur choralar koʻrish boʻyicha masʼullarga shoshilinch topshiriqlar berdi.
Jumladan, Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan oʻrinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilandi.
Shuningdek, soʻnggi kunlarda aholidan haroratining koʻtarilishi, yoʻtal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli “103” xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada boʻlgan 40 ta avtomashina qoʻshimcha ajratildi.
Shuningdek, joriy yil 25-noyabrdan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta toʻliq jihozlangan “Isuzu” rusumdagi avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratilishi aytib oʻtildi.
Yana bir masala. Bugungi kunda poytaxtimizdagi 12 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha boʻlgan muddatda chaqiruv boʻyicha tibbiy brigadalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur brigadalar “103” xizmati xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilib, uyda qoldirilgan yoki shifxonaga yotqizilmasdan uyga qayta olib kelingan va ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlar roʻyxati aniqlanib, koʻrsatma asosida onlayn va joyiga chiqqan holda tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Yigʻilishda vazir klinik shifoxonalarga yuklamani kamaytirish uchun bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat qamrovini oshirish zarurligini taʼkidlab, bu boʻyicha masʼullarga kerakli topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda yurtimizda OʻRVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning maʼlum qismi statsionar davoga muhtoj emas.
Shu sababli yigʻilishda oilaviy polikliklinika shifokorlariga oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash boʻyicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, birlamchi tizimdagi kunduzgi statsionarlarda kasallikka chalingan bolalarning kuzatuvini olib borish, zarur boʻlganda shu yerning oʻzida kerakli davo muolajalarini amalga oshirish boʻyicha ham tegishli vazifalar belgilandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.