Oʻzbekistonda zaʼfaron (shafran) noyob oʻsimligining plantatsiyalari koʻpaytiriladi

    Agrosektor 2 Mart 2021 6551

    Joriy yilning 1-mart kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi “Uzunbuloq” QFY hududida zaʼfaron oʻsimligini yetishtirish hamda plantatsiyalarini tashkil etish, ularni sanoat usulida qayta ishlashning samarali tizimini joriy etish, shuningdek, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish maqsadida BMB-OPERA ZAFFERANO Oʻzbekiston-Italiya qoʻshma korxonasi faoliyati misolida koʻrgazmali amaliy seminar tashkil etildi.

    Mazkur seminarda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari rahbarlari hamda mutasaddi vakillar ishtirok etishdi.

    Tadbirda zaʼfaron oʻsimligi oziq-ovqat, farmatsevtika va parfyumeriya sanoati uchun qimmatbaho xomashyo ekanligi, hozirgi kunda respublika boʻyicha jami 159,3 ga yer maydonlarida, shu jumladan Oʻrmon xoʻjaligi tasarrufidagi yer maydonlarda 97,3 ga, qishloq xoʻjaligi tasarrufidagi yer maydonlarda esa 62,0 ga maydonda zaʼfaron plantatsiyalari tashkil etilganligi bildirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilishida “Respublikamizda zaʼfaron plantatsiyalarini barpo etish, farmatsevtika sanoati ehtiyojlarini taʼminlash va eksportbop dorivor oʻsimliklarni koʻpaytirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” bayonining 21-bandiga asosan “Zaʼfaron ilmiy tadqiqot markazi” MCHJ tashkil etilib, shu yilning oʻzida Gollandiyaning “Mts Shipper” kompaniyasidan 36,4 tonna 9-10 kolibrli zaʼfaron tuganak piyozlari Oʻzbekistonga import qilindi.

    Olib kelingan zaʼfaron tuganak piyozlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Andijon viloyatining Izboskan tumanlarida 36,4 ga yer maydonida ekilib, 2018-yilda tashkil etilgan plantatsiyalardan 22,7 kg zaʼfaron guli xomashyosi olindi.-1 gektar plantatsiyadan birinchi yilda 2 kg, ikkinchi yilda 4 kg, uchinchi yildan boshlab 6-8 kg gacha zaʼfaron guli xom ashyosi terib olish mumkin. Bir kilogramm quritilgan zaʼfaron guli xom ashyosini tayyorlash uchun 150 mingdan ortiq gullari terib olinishi kerak. 1 dona zaʼfaron gulidan oʻrtacha 7 mg quritilgan ziravor olinadi, deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Dorivor va ziravor oʻsimliklarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi A.Axmedjonova. -Zaʼfaron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga toʻliq mos boʻlib, uni Fargʻona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining togʻ va togʻoldi hududlarida, bogʻ va tokzorlar qator oralarida, oʻrmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjud.

    Qayd etilganidek, respublikamizning Zomin, Boʻstonliq, Urgut, Kitob, Shaxrisabz va Chortoq kabi togʻoldi tumanlarining har birida 50 gektardan zaʼfaron plantatsiyalarini barpo etish vazifasi qoʻyildi.

    2017-2020-yillar davomida zaʼfaron yetishtirish uchun eng yaxshi sifat koʻrsatkichlari Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, hamda Fargʻona viloyatlarining togʻli hududlarida qayd etilgan boʻlib, ushbu hududlarda katta plantatsiyalarda yetishtirish kun sayin ortib bormoqda. Buning natijasida yuqori qiymatga ega boʻlgan eksportbop mahsulot yetishtirish bilan bir qatorda, ushbu viloyatlarning chekka hududlarida minglab mavsumiy yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining daromad manbaini kengaytirish imkonini beradi.

    Koʻrgazmali seminarda respublikaning togʻoldi hududlarida mazkur noyob oʻsimlik plantatsiyalarini yaratish hamda kengaytirish orqali eksportbop maxsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, aholining daromad manbaini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

    Zaʼfaron oʻsimligi haqida maʼlumot

    Bu oʻsimlikni yetishtirish va xomashyoni terib olish faqat qoʻl mehnati bilan amalga oshirilgani uchun juda qimmatbaho hisoblanadi. Bugungi kunda zaʼfaron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi oʻn beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi.

    OʻzR FA tizimidagi Botanika instituti va “Zaʼfaron ilmiy-tadqiqot markazi” MCHJ olimlari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy izlanishlari asosida Oʻzbekiston sharoitida zaʼfaron avgust oyining ikkinchi dekadasida ekiladi. Buning uchun tanlangan yer maydonlari traktor yordamida tekislanib, 60 sm kenglikdagi qatorlar tortiladi, 9-10 kolibrli tuganak piyozlar bir-biridan 18-19 sm uzoqlikda, 7-15 sm chuqurlikda ekiladi. Bunda, 1 gektar maydonga oʻrtacha 1000 kg yoki 90 ming dona saralangan tuganak piyoz sarflanadi. Ekilgandan soʻng piyozlar tuproqqa oʻrnashib olishi uchun zaxlatib sugʻoriladi.

    Ekilgan yilning oktyabr-noyabr oylariga kelib, zaʼfaron gullari yigʻishtirib olinadi. Eng muhim va katta mehnat talab qilinadigan jarayonlardan biri shundaki, yigʻishtirib olingan gullardan shu kunning oʻzida zudlik bilan urugʻchilari ajratib olinadi, aks holda qurigan guldan urugʻchasini ajratib olish qiyin boʻladi.

    Tashkil etilgan zaʼfaron plantatsiyalari kelgusi yillar davomida, har bahor va kuz mavsumlarida begana oʻtlardan tozalanadi va yerlari yumshatiladi, avgust oyida mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantiriladi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi

    Axborot xizmati