Hujjat “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Qonunga muvofiq qabul qilingan.
Qaror bilan Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unda quyidagi mexanizmlar belgilandi:
- eksport qiluvchi mamlakatning zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlari hamda zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda fitosanitariya xavfini boshqarish;
- Oʻzbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash;
- xorijiy mamlakatlardagi toza hududlar hamda kam zararlangan hududlarni tan olish.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasiga quyidagi vazifalar topshirildi:
- aholi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari orasida muntazam ravishda oʻsimliklar karantini tartibi bilan tanishtirish va ularni tushuntirish yuzasidan tizimli targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish;
- Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi hamda mazmun-mohiyati OAVda keng yoritilishini taʼminlash;
- manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-xuquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish.
Shuningdek hujjat bilan Oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu dasturning amalga oshirilishi hududlarga zararli organizmlardan xoli boʻlgan hudud yoki zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hudud maqomini belgilash uchun imkoniyat yaratadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 7.11.2020-yildan kuchga kirdi.
Bahodir Buxoriy.