Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2024 yilda Osiyoning eng yaxshi oliygohlari “QS Osiyo universitetlari reytingi 2024” ro‘yxatida O‘zbekistonning 6 hududidan 14 ta oliygoh yuqori o‘rinlarda qayd etildi, bunda 6 ta oliygoh reytingdan ilk bor o‘rin egalladi. Jumladan:

- Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti — 249-o‘rin;

- O‘zbekiston milliy universiteti — 301-350-o‘rin;

- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 405-450-o‘rin;

- Toshkent davlat texnika universiteti — 501-550-o‘rin;

- Samarqand davlat universiteti — 601-650-o‘rin;

 - Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 651-700-o‘rin;

- Toshkent davlat agrar universiteti — 651-700-o‘rin;

- Toshkent moliy instituti — 701-750-o‘rin;

- Jizzax politexnika instituti — 751-800-o‘rin;

- Namangan muhandislik-texnologiya instituti — 751-800-o‘rin;

- Toshkent davlat pedagogika universiteti — 751-800-o‘rin;

- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — 801+ o‘rin

- Qoraqalpoq davlat universiteti — 801+ o‘rin

- Farg‘ona politexnika instituti — 801+ o‘rin

Joriy yilda xalqaro tan olinganlik darajasi, ilmiy-tadqiqotlar rivoji, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, akademik mobillik sohalari bo‘yicha Osiyo oliygohlari reytingida 25 ta davlatdan 856 ta (148 ta ilk marta) oliygoh ishtirok etdi.

Bunda O‘zbekistonning 3 ta – O‘zMU, "TIQXMMI" MTU, TDIU oliygohlari “Akademik reputatsiya” indikatori bo‘yicha "TOP-200" oliygohlar qatoridan o‘rin egalladi. O‘zMU “Akademik reputatsiya” bo‘yicha nisbatan yetakchi bo‘lib, 135-o‘rinda qayd etildi. Mazkur indikator bo‘yicha 7 ta OTM o‘z o‘rnini yaxshilashga erishgan. “Ish beruvchilar o‘rtasidagi reputatsiya” indikatori bo‘yicha "TIQXMMI" MTU 208-o‘rin, “Professor-o‘qituvchilar va talabalar nisbati” indikatori bo‘yicha 124-o‘rinni egalladi.

O‘zMU respublikada xalqaro ilmiy kollaborasiyalar bilan hamkorlik bo‘yicha nisbatan faol OTM sifatida qayd qilingan bo‘lib, “Xalqaro ilmiy kollaborasiyalar indeksi” indikatori bo‘yicha 578-o‘rinni egalladi. Shuningdek, "TIQXMMI" MTU “Ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ulushi” indikatori bo‘yicha respublika OTMlari orasida yetakchi bo‘lib, 376-o‘rinni egalladi. O‘zMU “Xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushi” bo‘yicha mintaqaviy reytingda yuqori natijani qayd qilgan bo‘lsa (90-o‘rin), TDIU “Xorijiy talabalar ulushi” bo‘yicha mintaqaviy reytingda 130-o‘rinda qayd qilindi.