Oʻzbekistondagi barcha masjidlarda yomgʻir soʻrab “istisqo” namozi oʻqiladi — Musulmonlar idorasi

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mamlakatdagi barcha masjidlarda 2025-yil 28-noyabr kuni juma namozidan keyin yomgʻir soʻrab ikki rakat istisqo namozi oʻqilishini maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, kuz fasli yomgʻirsiz oʻtayotgani va yaqin kunlarda ham yogʻingarchilik kutilmayotgani sabab, Musulmonlar idorasi raisi muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan butun mamlakat boʻylab masjidlarda ushbu ibodat amalga oshiriladi.

    Islom taʼlimotida qurgʻoqchilik kuzatilgan davrlarda jamoat bilan chiqib yomgʻir soʻrab duo qilish va istisqo namozini ado etish amali taʼkidlangan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham suvsizlik paytida qiblaga yuzlanib duo qilganlari va millat bilan birga namoz oʻqiganlari rivoyat qilingan.

    Shuningdek, viloyatlar, tuman-shaharlar markaziy masjidlari va ziyoratgohlarda jonliqlar soʻyilib, yordamga muhtoj oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, miskinlar, boquvchisini yoʻqotgan keksalarga tarqatiladi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Oliy va oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy” asari shu yil 28-noyabr kuni juma namoziga qadar xatmi kutub qilinadi. Zero, Imom Buxoriyning “Sahih”lari qurgʻoqchilikda oʻqilganda, Alloh taoloning irodasi ila yomgʻir yoqqani tarix kitoblarida yozilgan.

    Makkai mukarrama va Madinai munavvarada umra ziyoratida boʻlib turgan ellikboshi imom-domlalarimiz Harami shariflarda oʻz guruhlari ishtirokida istisqo namozini oʻqishlari tavsiya etiladi.