1-avgustga qadar har bir OTM oʻz brendini shakllantiradi

    Hukumatning “Respublika oliy taʼlim tashkilotlarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, "oliy taʼlim tashkiloti brendi”ni yaratish hamda talabalarning kiyinish madaniyatini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaror loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Qaror loyihasiga koʻra, joriy yil 1-avgustga qadar oliy taʼlim tashkilotlarining oʻziga xos brendini shakllantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar ishlab chiqish belgilangan.

    Bunda, har bir oliy taʼlim tashkiloti xususiyati, ilmiy va taʼlim sohasidagi yutuqlari, innovatsion yoʻnalishlaridan kelib chiqib oliy taʼlim tashkiloti logotipi va vizual identifikatsiyasini (suvenir, kanstovar mahsulotlari, turli xildagi buyumlar, sport va boshqa kiyimlar) yaratadi.

    Oliy taʼlim tashkilotlari professor-oʻqituvchi, xodim va talabalari oʻrtasida taʼlim tashkiloti brendiga daxldorlik hissi shakllantiriladi, ularda tashkilot qadriyatlari, anʼanalariga amal qilishini kuchaytirishga qaratilgan targʻibot ishlari tashkil etiladi.

    Har bir oliy taʼlim tashkiloti oʻz brendi aks ettirilgan (suvenir, kanstovar mahsulotlari, turli xildagi buyumlar, sport va boshqa kiyimlar) buyumlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi hamda oliy taʼlim tashkilotining oʻzida ularning savdo shoxobchalarini tashkil etadi.

    Oliy taʼlim tashkilotlarining muvaffaqiyatli bitiruvchilari, taniqli professor-oʻqituvchilari, tarixiy yutuqlar haqida hikoya qiluvchi kontentlar hamda filmlar yaratiladi.